11:11 / 30.03.2017
9135

Afg‘oniston O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishni ko‘paytirmoqda

Qashqadaryodagi “Eko parranda” korxonasi va Afg‘onistonning Ixlos Ltd firmasi o‘rtasida joriy yilda Afg‘onistonga 7 million dona tuxum yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shu bilan birga, sheriklar bundan avval ham muvaffaqiyatli ravishda hamkorlik qilishgan. “Ixlos Ltd.” firmasi 107 ming dollarlik mahsulot xarid qilgandi.

Shahrisabz tumanida faoliyat yuritayotgan “Eko parranda” mas'uliyati cheklangan jamiyati bundan besh yil avval tashkil etilgan. Ayni paytda korxona fabrikasida boqilayotgan tovuqlar soni 80 ming boshga yetgan. “Xay-layn” zotiga mansub bu tovuqlar kasallikka chidamliligi va mahsuldorligi bilan ajralib turadi. 

– Fabrikamizda tovuqlarni oziqlantirishdan tortib tuxumlarni yig‘ib olishgacha bo‘lgan barcha jarayon avtomatlashtirilgan holda bajariladi, – deydi korxona rahbari Muhiddin Umidov. – Kuniga o‘rtacha 10 ming dona tuxum olinadi. Tez orada qiymati 1 million dollardan ortiq qo‘shimcha loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarni yakunlaymiz. Natijada fabrikamizda boqiladigan tovuqlar soni 120 ming boshga ortadi, 30 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

O‘tgan yilda viloyatda parrandachilik sohasida 160 dan ortiq istiqbolli loyiha hayotga tatbiq etildi. Joylarda tuxum va tovuq go‘shti yetishtirishga ixtisoslashgan yangi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, ishlab turgan korxonalar quvvati kengaytirilishi va modernizatsiya qilinishi samarasida tarmoqda mahsuldorlik yanada oshmoqda, tannarx arzonlashmoqda. Natijada ichki iste'moldan ortgan mahsulotni eksport qilish imkoniyati yaratilmoqda. 2016 yil viloyat ishbilarmonlari tomonidan tashqi bozorga qariyb 200 ming AQSh dollari miqdoridagi tuxum eksport qilindi. 

Viloyatda dekabr oyida 5 ming bosh kurka boqishga mo‘ljallangan majmua tashkil etiladi. Zamonaviy texnologiyalar o‘rnatiladigan majmuada yiliga 20 ming bosh kurka jo‘jasi yetishtirilib, aholiga yetkazib beriladi. 

Shuningdek, hududda quyon yetishtirish, quyon go‘shti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xo‘jalik tashkil etilmoqda. “Qamashi momiq quyonlari” agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming bosh quyon yetishtirilib, yiliga 120 tonna go‘sht va 40 ming dona teri tayyorlanadi. Xo‘jalikda 30 kishi ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, keyingi besh yilda Qashqadaryoda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2 barobar oshgan, eksport hajmi 100 million dollarga yetgan va 2011 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘paygan. 

Top