18:32 / 30.03.2017
9541

Namangan va Chelyabinsk viloyatlari yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

O‘zbekiston Respublikasining Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov va Chelyabinsk viloyati gubernatori Boris Dubrovskiy har tomonlama hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashdi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar bermoqda.

Tomonlar hujjat doirasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi eksport-import aloqalarni oshirish niyatidalar.

Gubernator Boris Dubrovskiyning ta'kidlashicha, Janubiy Ural har doim O‘zbekiston Respublikasi bilan qalin aloqalarga ega bo‘lgan. Uning aytishicha, Chelyabinsk viloyati O‘zbekistonga eksport oqimi oshishi uchun barcha sa'y-harakatlarni ko‘rmoqda hamda buning uchun hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini taklif etishga tayyor.

Dubrovskiy viloyatlar o‘rtasida memorandum imzolanishi mintaqalararo darajada aniq loyihalarni amalga oshirish imkonini berishiga ishonishini aytib o‘tdi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Rossiya Federatsiyasiga 2017 yilning aprelida rejalashtirilgan tashrifi doirasida bizning uchrashuvimiz strategik ahamiyatga ega. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish hududlar o‘rtasida ishonchli va uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatishga hamda eksport-import aloqalari va har tomonlama hamkorlikni oshirishga imkon beradi», - deya aniqlik kiritdi Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov.

Boris Dubrovskiy va Xayrullo Bozarov iqtisodiy va gumanitar aloqalar, turizm, tibbiyot, madaniyat va ta'limni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqishdi.

Chelyabinsk viloyatining O‘zbekistonga rasmiy javob tashrifi joriy yilning oktabriga rejalashtirilgan.

Shuningdek tashrif davomida Chelyabinsk viloyati ta'lim va ilm-fan vaziri Aleksandr Kuznetsovning Namangan davlat universiteti rektori Abdusalom Umarov va Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

Tomonlar Rossiya va O‘zbekiston ta'lim tizimlarining o‘ziga xos jihatlarini muhokama qilib, ikki viloyatning ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish sohasidagi o‘zaro aloqalari yo‘nalishini belgilab olishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi iqtisodiyotning amaliy vazifalarini birgalikda hal etish, professor-o‘qituvchilarni o‘zaro almashish, qo‘shma ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazishga qiziqish bildirdi.

Namangan viloyatining rektorlar korpusi rasmiy tashrifi Janubiy Uralning yetakchi OTMlarida davom ettiriladi, uning davomida ta'lim va ilm-fan sohalarida hamkorlik haqida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tashrif davomida Chelyabinsk viloyati sog‘liqni saqlash vaziri Sergey Kremlev va Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov hamkorlik haqidagi kelishuvni imzolashdi.

Tomonlar kelishuv doirasida sog‘liqni saqlashning turli masalalarida tajriba almashishni mo‘ljallagan. Xususan, tomonlar davlat-xususiy sheriklik va tibbiyot texnologiyasi hamda tibbiy xizmatlar menejmenti sohasiga yangi yutuqlarni tatbiq etishni rejalashtirgan.

Top