17:37 / 30.03.2017
15398

Sud Pak Kin Xeni hibsga olishga order berdi

Janubiy Koreya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Pak Kin Xeni hibsga olish uchun order berdi. Bu haqda «Vesti. Ru» xabar tarqatgan.

Koreya Respublikasi prokuraturasi tegishli so‘rovni 27 mart kuni sudga yuborgandi.

Endilikda sud tergov tomonidan sobiq prezidentga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni qabul qilgan. 

Sobiq davlat rahbari 13 ish bo‘yicha ayblanmoqda. Ularning asosiysi poraxo‘rlik va  mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish hisoblanadi.

Agar ayblar isbotlansa, unga 10 yilgacha qamoq jazosi tahdid soladi.

Ma'lumot uchun. Pak Kin Xe 2016 yilning oktabrida matbuot uning dugonasi Chxve Sun Silning firibgarliklarini yozib chiqqanida mojarolar markazida qoldi. Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, bir necha yil davomida Chxve Sun Sil davlat boshqaruvi ishlariga aralashib kelgan va siyosiy qarorlar qabul qilinishiga ta'sir o‘tkazgan. Pak Kin Xening dugonasi bir qator kompaniyalar, jumladan Samsung kompaniyasiga bosim o‘tkazgan, u shu maqsadda o‘z nazoratidagi fondga kompaniyalardan jami 70 million dollarga yaqin mablag‘ undirgan. Janubiy Koreya muxolifati sobiq prezident Chxve Sun Sil ishlaridan boxabar bo‘lganini bildirdi.

O‘tgan yilning dekabrida Janubiy Koreya parlamenti prezident impichmenti uchun ovoz berdi, shu yilning 10 martida esa bu qaror Konstitutsion sud tomonidan tasdiqlandi.

Top