16:02 / 31.03.2017
10421

Andijonda Prezidentning Davlat maslahatchisi ishtirokida sayyor qabullar bo‘lib o‘tdi

28-29 mart kunlari Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa, Bo‘z, Asaka tumanlari va Andijon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Prezident devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari T.Xudoyberganov ishtirokida aholi uchun navbatdagi sayyor qabullar tashkil etildi. Bu haqida Facebook'dagi "Xalq bilan muloqot" guruhida ma'lum qilindi. 

Ularda Andijon viloyati hamda tuman va shaharlar hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari, boshqa tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbirlarda bugungi kunga kelib Andijon viloyati aholisidan Prezidentning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 50 mingdan ziyod murojaat va arizalar kelib tushgani aytilib, ularning deyarli barchasi asosli deb topilgani va nazoratga olingani ta'kidlandi. Hozirda ularning 46 mingga yaqini qanoatlantirilgan bo‘lib, 4 mingdan ziyodi o‘rganish va hal etish jarayonidadir.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning aksariyat qismini uy-joy masalasi, bolalarni nafaqa puli bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni ta'mirlash, maktabgacha ta'lim muassasalarini barpo etishdagi muammolar, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash,  voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash, aholini to‘ldirilgan ballonli gaz bilan ta'minlash kabi masalalar qamrab olgan.

Andijon viloyatiga uyushtirilgan mazkur sayyor qabullarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan fuqarolarning turli mazmundagi 300 ga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqilib, ularning aksariyat qismi joyida hal etildi.

Misol uchun, Xonobod shahrida istiqomat qiluvchi D.Ahmedova Prezident Virtual qabulxonasiga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit olishda yordam so‘rab murojaat qilgan edi, uning iltimosi viloyatdagi Xalq banki filiali tomonidan qanoatlantirildi.

Izboskan tumanida yashovchi T.Bo‘stonov farzandiga bola nafaqasini tayinlashda amaliy yordam ko‘rsatishni iltimos qilib, Xalq qabulxonasiga murojaat etgan. Uning murojaati shu kuning o‘zida MFY qoshidagi “Nafaqa tayinlash va to‘lash” komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.

Sayyor qabullar yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman darajasidagi mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Sayyor qabullar 31 mart va 1 aprel kunlari Farg‘ona viloyatning qator tuman va shaharlarida davom ettiriladi.

Top