11:56 / 31.03.2017
13176

Buxoroda ikki oylik chaqaloqni 5 ming dollarga sotgan shaxslar qo‘lga olindi

Zulxumor bilan Ikrom (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) yashirin tarzda er-xotin bo‘lib yashab kelayotgan edilar, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Bu kimsalar gunoh ishlarini el ko‘zidan yashirish uchun hali suyagi qotmagan, endigina ikki oylik chaqaloqni sotish payiga tushdi. 

Birovning uyida ijarada yashayotgan er-xotinning chaqaloq sotish haqidagi xayollari tezda ko‘chaga tarqaldi. Bola oluvchilar ham darrov topildi. Avvaliga Zulxumorning vijdoni qiynaldimi, bolani sotib oluvchilarga “Yo‘q, bolamni sotmayman”, deb rad javobini berdi. Ko‘p vaqt o‘tmay, endi o‘zi bolasiga xaridor izlashga tushdi. Chaqaloq savdosining amalga oshishiga esa norasmiy turmush o‘rtog‘i Ikrom yordam qo‘lini cho‘zdi.

Bola oluvchi bilan uchrashish, unga bolani ko‘rsatish va bahosini kelishish Zulxumorni aslo cho‘chitmadi. Er-xotin kelishilgan pulni olgach, xaridorga murg‘ak Muhiddinning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini va o‘zini kiyintirib, topshirishdi. “Savdo”ni juda tez va silliqqina bitirdim, deb o‘ylab, xursand bo‘lgan bu kimsalar chuchvarani xom sanashgan edi...

Begonalar qo‘liga tekkan go‘dakning bir tomchi ko‘z yoshiga ham arzimaydigan 5 ming AQSh dollarini olib, uyiga shoshayotgan chaqaloqfurushlar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Zulxumor Janayeva va Ikrom To‘ychiyev qonun oldida javob berishga majbur bo‘ldilar va sud hukmi bilan bu kimsalarga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top