21:37 / 31.03.2017
7922

USAID meva-sabzavot mahsulotlarida O‘zbekistonning eksport salohiyati haqida seminar o‘tkazdi

Ma'lumki, mamlakatimiz aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, bozorlarimizni arzon va sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan yanada to‘ldirish, xalqimizning ehtiyojidan oshiqcha mahsulotlarni xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘lamini kengaytirish, shu orqali qishloq mehnatkashlarining daromadini oshirish, yurtdoshlarimizning turmush farovonligini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda keyingi yillarda agrar sohani isloh qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashni yanada ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘zining yuksak samarasini bermoqda.

Shundan kelib chiqib, 2017 yil 29 mart kuni Andijon qishloq xo‘jalik institutida USAID (Amerika Qo‘shma Shtatlar iqtisodiy rivojlantirish) bilan hamkorlikda «Meva va sabzavotlar hamda qayta ishlangan mahsulotlarda O‘zbekistonning eksport salohiyati» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Seminarda USAID ning O‘zbekistondagi ofisi direktori–Jon Riordan janoblari, USAID ning O‘zbekistondagi mintaqaviy maslahatchisi-Rayder Rojyers janoblari va AVC dasturi mutaxassislari Ulug‘bek Bekchanov, Jasurbek Rustamov, Shavkat Rahmatullayev hamda institut professor-o‘qituvchilari, magistrlar va iqtidorli talabalar qatnashdilar.

Seminar-trening doirasida O‘zbekistonning ho‘l va qayta ishlangan meva va sabzavotlar bo‘yicha eksport salohiyati, Xalqaro standartlar va tashqi bozor talablari xususida batafsil ma'lumotlar berildi.

Ma'ruzalarda nafaqat institut professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrlari, bundan tashqari bugungi ma'ruzada qatnashayotgan kelajakda meva va sabzavotlar hamda qayta ishlangan mahsulotlarda O‘zbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirish va yuksaltirishga katta hissa qo‘shadigan talabalar uchun ham juda foydali ma'lumotlar berildi.

Institutga tashrif buyurgan mehmonlar institut hududida tashkil qilingan Limonariyada bo‘lib, issiqxonada sitrus mevalar, xususan, limon yetishtirish, pomidor va bodringdan mo‘l hosil olish bo‘yicha to‘plangan tajribalar bilan tanishdilar.

Tadbir doirasida ishtirokchilarga institut professor-o‘qituvchi, katta ilmiy xodim izlanuvchilari, magistrlar va iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan yangi ilmiy ishlanmalar ham namoyish etildi.

Ushbu seminar-trening barcha qatnashchilarda katta taassurotlar qoldirdi hamda kelgusida O‘zbekistonning ho‘l va qayta ishlangan meva va sabzavotlar bo‘yicha eksport salohiyati mustahkamlashga qaratilgan shunday treninglarni ko‘proq o‘tkazish ham rejalashtirildi.

Top