08:30 / 01.04.2017
4341

Fuji Heavy Industries kompaniyasi nomini Subaru’ga o‘zgartirdi

Yaponiyaning Fuji Heavy Industries mashinasozlik kompaniyasi 1 apreldan o‘zining nomini Subaru nomiga o‘zgartirdi. Avval bu nom avtomobil markasiga tegishli bo‘lgandi. Bu haqda konsern tarqatgan xabarda ma'lum qilindi.  

"Kompaniya nomining o‘zgarishi bu oldinga yangi qadamdir. Albatta, biz yirik avtomobilsozlik kompaniyalari bilan raqobatlasha olmaymiz, biroq xavfsiz, haydashdan zavq beradigan mashinalarni Yaponiya va AQSh bozoriga mo‘ljal olgan holda ishlab chiqarishda davom etamiz", deb aytdi kompaniya rahbari Yasuyuki Yosinaga.

Subaru yapon tilida Buzoq yulduzlar turkumidagi Hulkar yulduzlar to‘dasining nomini bildiradi. Marka emblemasida ham yulduzlar tasvirlangan. 

Kompaniya 1953 yilda Nakajima Aircraft aviasozlik korporatsiyasining parchalanishi natijasida tashkil topgan. Kompaniya 1958 yildan boshlab Subaru markasi ostida mashinalar ishlab chiqarishni boshlagan.  

Yaponiyada kompaniyaga yiliga 600 mingta avtomobil, jumladan Impreza, Forester, Legacy kabi ommaviy modellarni ishlab chiqaradigan 2 ta zavod tegishli. Kompaniya 2014 yilda 20-millioninchi mashinasini ishlab chiqargandi.

Kompaniya sotadigan atomobillar miqdori Toyota sotadigan avtomobillar miqdorining 9 dan birini tashkil qiladi. Kompaniya hissasiga dunyo avtomobil bozorining bor-yo‘g‘i 1 foiz ulushi to‘g‘ri keladi. Biroq uning sof daromadi umumiy xarajatlardan 17,5 foizni tashkil qiladi va bu Yaponiya avtomobilsozlik sanoatida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Mavzuga oid
Top