16:20 / 01.04.2017
20370

Metroning Yunusobod yo‘nalishi muddatidan avval qurib bitkazilishi mumkin

Foto: Sputnik

Toshkent shahrida 1977 yilda barpo etilgan ilk metro liniyasining dastlabki uzunligi 12,2 kilometrdan iborat bo‘lib, to‘qqizta bekatni qamrab olgan edi. Chilonzor, O‘zbekiston va Yunusobod yo‘nalishlaridan iborat Toshkent metropoliteni mustaqillik yillarida yanada rivoj topdi va uzunligi 39 kilometrga, bekatlari soni 29 taga yetdi, deb yozadi O‘zA. 

Toshkent metropoliteni chin ma'noda poytaxtimiz ko‘rki hisoblanadi. Yorug‘, shinam, ko‘rkam, bir-birini takrorlamaydigan bekatlar foydalanuvchilarga o‘zgacha taassurot va xushkayfiyat bag‘ishlashi har doim e'tirof etib kelingan. 

“Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyatidan ma'lum qilishlaricha, muhandislik-geologik sabablarga ko‘ra, Sergeli tumanida yer osti metro yo‘lini qurish o‘ta murakkab jaryondir. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi harakat “yengil metro” ko‘rinishida bo‘ladi. Ya'ni, “po‘lat iz”lar yer ostida emas, balki yer usti bo‘ylab, estakadalar (ko‘priklar) orqali yotqiziladi. Chilonzor yo‘nalishining “Olmazor” bekatidan boshlanadigan Sergeli yo‘nalishida oltita bekat qad rostlaydi. 

2017-2020 yillarga mo‘ljallangan mazkur yo‘nalishning qurilishi 170,1 million dollarga baholangan. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi inshoot to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallanmoqda. O‘ziga xos muhandislik yechimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo‘li Toshkent shahrining Choshtepa mahallasidan o‘tib, Sergeli tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi Mag‘rib ko‘chasigacha boradi. To‘rt yilga mo‘ljallangan loyiha doirasida bekatlarda eskalatorlar, kutish maydonchalari barpo etiladi. 

– Yo‘nalishning Choshtepa qismi balandligi 15 metr, Sergeli hududida esa 8 metr bo‘ladi. Bekatlar konstruksiya, dizayn hamda bezagi bilan bir-biridan tubdan farqlanadi va takrorlanmaydi, – deydi loyiha muhandisi Sunnat Jumaboyev. – Eng qimmatbaho qurilish materiallaridan, ya'ni granit, marmar, oyna, keramikadan foydalanish uning hashamatli va ko‘rkam bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Loyiha bo‘yicha metroning o‘ng tomonidan aholi yashashi uchun ko‘rkam va zamonaviy turar-joylar, uning ikki yonida keng va ravon avtomobil yo‘li quriladi. Shuningdek, ko‘plab ijtimoiy tarmoqlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi. 

Metro shaharning rivojlanish rejalari, yo‘lovchilar oqimi, turar-joy mavzelari, ishlab chiqarish, savdo va dam olish maskanlari joylashuvi, muhandislik-geologik sharoitlarni inobatga olgan holda quriladi. Eng muhimi, metro shaharning sanoat tumanlaridan biri bo‘lgan Sergeliga yetib borishi, bu yerni yanada obod va ko‘rkam qiladi. Hudud infratuzilmasi rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etib, aholining jamoat transportidan foydalanish qulayliklarini oshirishga xizmat qiladi. 

Ta'kidlash joizki, 2001 yilda shaharning aholi zich hududlaridan biri bo‘lgan Yunusobod tumanida uzunligi 7,6 kilometr bo‘lgan, oltita bekatdan iborat Yunusobod yo‘nalishining birinchi bosqichi ishga tushirilgan edi. Bu bilan Toshkent shahrining shimoliy va janubiy qismini markaz orqali birlashtiruvchi transport yo‘lagi yaratildi. Ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli qurilish tashkilotlari Yunusobod yo‘lining “Shahriston” va “Turkiston” bekatlarigacha bo‘lgan masofada qurilish ishlarini ham davom ettirmoqda. 

– Ushbu ikki bekat oralig‘idagi masofa 2,7 kilometrni tashkil qiladi, – deydi “Ko‘prik qurilish tresti”ning 67-ko‘prik qurilish otryadi rahbari Sanjar Yusupov. – Bu yumushlarni bajarishda 50 dan ortiq zamonaviy texnika va 200 nafardan ziyod ishchi kuchidan foydalanayapmiz. Loyiha bo‘yicha qurilish ishlari ikki yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, biz uni muddatidan oldin nihoyasiga yetkazishga harakat qilmoqdamiz. 

Darhaqiqat, shu kunlarda bu yerdagi mavjud ikkita shaxta va tunnelda qurilish ishlari avj pallaga kirgan. Quruvchilar elektrlashtirish jarayoniga ham alohida e'tibor qaratib, eng zamonaviy yer osti yo‘li barpo etishga intilishmoqda.

– Metropoliten noyob transport vositasi, uning qurilishi g‘oyat murakkab bo‘lib, katta mas'uliyatni talab etadi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejyer-bosh muhandisi Husniddin Hosilov. – Shunday omillar tufayli metro dunyoning 71 mamlakatida mavjud. Ayniqsa, Toshkent shahri yerlarida 18 metrdan 50 metrgacha chuqurlikda yer osti suvlari Chimyon tog‘laridan Sirdaryoga qarab oqadi. Shu bois 50-60 metr chuqurlikdan 700 ga yaqin nasos orqali doimiy ravishda suv chiqarilib, darajani noldan pastda ushlab turishga harakat qilinadi. Aks holda biz yurgan yer osti yo‘li suvga to‘lishi mumkin edi. Biz metro qurilishlarini boshlashdan avval Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarning mutaxassislari bilan tajriba almashdik. Endilikda quruvchilarimiz yer usti metrosini qurishni o‘zlashtirmoqda. 

Ayni paytda metro yo‘nalishlarida foydalaniladigan ko‘rkam vagonlar “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida tubdan ta'mirlanmoqda, yangilari ishlab chiqarilmoqda. 

Top