18:33 / 01.04.2017
13214

Uzbek Tigers va Astana Arlans o‘rtasidagi katta boks kechasiga barchasi shay

Bugun 1 aprel kuni Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum «C» guruhi 5-turidan o‘rin olgan bahslar bo‘lib o‘tadi. «O‘zbekiston» sport majmuasi guruhning ikki yetakchi jamoasi o‘rtasidagi jangni katta ishtiyoq bilan kutmoqda. Uzbek Tigers jamoasi Toshkentda Qozog‘istonning Astana Arlans jamoasi bokschilarini qabul qiladi. 

«O‘zbekiston» sport majmuasida quyidagi bokschilar o‘rtasidagi ajoyib janglarga guvoh bo‘lish mumkin. 

49 kg: Hasanboy Do‘stmatov           vs   Temirtas Jusupov
56 kg: Abdulhay Shorahmatov       vs    Ilyos Suleymenov
64 kg: Elnur Abduraimov              vs    Dilmurod Mijitov
75 kg: Isroil Madrimov                vs    Saparbay Aydarov 
+91 kg: Zuhriddin Mahkamov        vs    Anton Pinchuk 

Uzbek Tigers WSB doirasida shu vaqtgacha 4 marta jang o‘tkazdi. O‘zbekiston vakillari avvaliga Xitoyda China Dragons jamoasidan 2:3 hisobida yengilgan, keyingi turda Qozog‘istonda Astana Arlans jamoasiga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan 3-tur bahsida Uzbek Tigers Rossiyaning Patriot Boxing Team jamoasini 5:0 hisobida, 4-turda esa, China Dragons jamoasini ham 5:0 hisobida dog‘da qoldirdi. 

Ayni vaqtda, Qozog‘iston jamoasi guruhda 12 ochko bilan 1-o‘rinda joylashgan. Uzbek Tigers hisobida 6 ochko bo‘lib, ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Bugun, Xitoyning China Dragons jamoasi Rossiyada Patriot Boxing Team jamoasi mehmoni bo‘lmoqda. Hozirda, Rossiyadagi bahslar qizg‘in tusda davom etayapti. 

«O‘zbekiston» sport majmuasidagi janglarni Janubiy Koreya, Rossiya, Angliya va Eron davlatlaridan tashrif buyurgan hakamlar navbati bilan boshqarib borishadi. 

Eslatib o‘tamiz, The World Series Boxing (WSB) Butunjahon Boks Seriyasi chempionatining VII fasl uchinchi bosqich tarkibida O‘zbekiston sha'nini himoya qiluvchi bokschilar BUKA Boxing Sportswear tomonidan taqdim etilgan kiyimda ringga ko‘tarilishadi.

Mavzuga oid
Top