13:23 / 02.04.2017
11619

Tesla’ning Gigafactory zavodi qurilishidan yangi suratlar namoyish qilindi

Tesla kompaniyasi Gigafactory zavodi qurilishi haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishishda davom etmoqda. Kuni-kecha zavod qurilayotgan joydan olingan 2 ta yangi surat chop etildi. Suratlardan qurilishning jadal sur'atlar bilan borayotganini ko‘rish mumkin. 

Zavoddagi barcha ishlab chiqarish xonalarining umumiy maydoni 456 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Korxonada 6 mingga yaqin kishi ishlaydi.

Kompaniya zavodni elektr energiya bilan mustaqil ta'minlamoqchi. Buning uchun zavod tomi to‘liq quyosh batareyalari bilan qoplab chiqiladi. Shuningdek, zavod perimetri bo‘yicha qo‘shimcha quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu panellar beradigan umumiy elektr energiya miqdori 70 MVt ni tashkil qiladi. 

Zavod o‘zini suv bilan ham mustaqil ta'minlashni rejalashtirmoqda. Bu maqsadda uning hududida yopiq suv ta'minoti tizimi quriladi. Bu tizim evaziga zavod 6 ta tozalash darajasidan o‘tgan suv oladi va shu tariqa ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan chuchuk suvning 80 foizini tejaydi. Kelajakda elektr energiyani samarali tejashga imkon beruvchi zamonaviy iqlim nazorati tizimini o‘rnatish rejalashtirilgan. 

Kompaniya vakillari zavod 2020 yilgacha to‘liq quvvat bilan ishga tushishiga umid qilishmoqda. Shunda zavod Tesla elektromobillariga batareyalar va Powerwall akkumulyatorlari ishlab chiqara boshlaydi.

 

Mavzuga oid
Top