19:36 / 03.04.2017
77079

“Kartoshka nega qimmat?” savoliga javob izlab...

Bir qarashda oddiygina savol, to‘g‘rimi? Kundalik ro‘zg‘or ehtiyoji uchun eng ko‘p ishlatiladigan sabzavotlardan biri bo‘lgan kartoshkaning narxi bir oy ichida keskin ko‘tarilib ketdi. Aholi hayron. 

Sarlavhadagi savolga javob izlash uchun aynan qishloq xo‘jaligi sohasidagi mutasaddi tashkilotlar, bozorlar va oziq-ovqat uyushmalariga murojaat qilish zarur ekanligi aniq. Axir, bu borada xalq ta'limi yoki moliya sohasidagi mutasaddilarga chiqilmaydi-ku?

Vaholanki, aynan bu savolga aholini qoniqtiradigan ikki xil oddiy javob olish mumkin edi: 

1. O‘tgan yili kartoshka hosili yaxshi bo‘lmadi. Zaxira kerakli miqdorda qilinmadi. Ayni paytda qo‘shni davlatlardan bozorni to‘ldirish maqsadida shuncha tonna kartoshka olib kelinmoqda. Yuzaga kelgan muammolardan kelib chiqib, choralar ko‘riladi. 

2. Sizga shuni ma'lum qilamizki, o‘tgan yili yurtimizda N tonnada kartoshka yetishtirildi. Aholi ehtiyojini qoplash uchun N tonnadagi kartoshka mahsuloti chet eldan keltiriladi. Shundan kelib chiqib, joriy yilda viloyatlarda kartoshka yetishtirish uchun N gektar qo‘shimcha yer maydoni ajratilib, kelgusi yilda muammolarga duch kelinmasligi uchun ish olib borilmoqda.

Viloyatlar bilan bog‘langanimizda ushbu mahsulot narxi Xorazmda – 3500 so‘mdan 4000 so‘mgacha, Qarshida 3500- 3800 so‘m, Farg‘ona, Andijon va Namanganda 3500-4000 so‘m ekanligini aytishdi. Narxlar deyarli bir xil.

Biz muammoga oydinlik kiritish maqsadida tegishli idoralarga murojaat qilganimizda, mutasaddilar javob berish o‘rniga taysallashgani g‘alati bo‘ldi. Biz aybdorni emas, savolga javob izlayotganimizni aytganimizda ham bir xil muomala.

Sayt muxbiri Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga kartoshkaning qimmatlashgani bo‘yicha murojaat qilganida, dastavval idora bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Uch kun davom etgan urinishdan so‘ng, vazirlik bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lindi. Shunda ham savolga esa to‘liq javob olinmadi. 

Ismini aytib, familiyasini aytishni xohlamagan Jamoliddin ismli vazirlik xodimi istar-istamay: "2016 yilda Respublikada 2 958 300 tonnadan ortiq kartoshka yetishtirilgan. Hozirgi kunda dehqon bozorlaridagi "Elga xizmat" peshtaxtalarida kartoshka va sabzavotlar arzon narxlarda sotilmoqda. Aprel oyining boshlarida bozorlarga Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan ertaki kartoshkalar chiqishi kutilmoqda" deya javob qaytardi. 

“Elga xizmat” korxonasi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan yarmarkalarda arzon narxlarda kartoshka sotilayotgani yaxshi, albatta. Biroq bu bilan aholining mavjud ehtiyojini butunlay qoplash qiyin. Kunning ma'lum vaqtida keltirilib, sotiladi-ketiladi. 

Urug‘chilik ilmiy markazi xodimlari esa boshini qotirib o‘tirmasdan - “Kartoshka yetishtirish texnologiyasi” nomli ilmiy maqolani taqdim qildilar. Taajjub... 

O‘zbek oziq-ovqat zaxira uyushmasi javobi quyidagicha bo‘ldi: "Uyushmamiz korxonalari hozirgi kunda Toshkent shahri va viloyatlar bozorlarida 1800-2000 so‘mdan kartoshka va 1500 so‘mdan piyoz savdosi yarmarkalarini tashkil etib kelmoqda. Birgina Toshkent shahrining o‘zida 100 tonnadan ziyod kartoshka va 30 tonna atrofida piyoz savdosi amalga oshirilmoqda. Zaxiradagi kartoshka va piyoz may oyining oxirigacha yetarli miqdorda mavjud".

Shuningdek, aholini qiynab kelayotgan mazkur savolga javob olish maqsadida “Toshbozorsavdo” uyushmasiga ham murojaat qilindi. Qariyb yarim soat davom etgan muloqot vaqtida kartoshkaning qimmatlashib ketganiga oydinlik kiritishga urindik. Biroq uyushmadagilar savolni "aylanib" o‘tib, boshqa mavzularga chetlasha boshladi. Aynan biz bergan bor-yo‘g‘i birgina savolga esa aniq va to‘liq javob olinmadi.

Tushunishimizcha, soha xodimlari shama qilib: “Bu savolga javobni dehqondan so‘rang!” degandek qildilar, chog‘i. 

Biz esa: “2016 yilda Respublikamizda yetishtirilgan 2 958 300 tonna kartoshka aholi ehtiyojini qoplamadi, bu yil ko‘proq maydonga ekiladi” deydigan manbani topa olmadik. 

Zamonaviy axborot texnologiyalaridan xabardor zamondoshlarimiz esa, o‘zimizning nashrlardan jo‘yali javob topmasalar, muddaoni boshqa joydan izlaydilar.

Dehqonchilikdan ozgina xabari bor inson biladiki, kartoshkani yurtimizning barcha yer maydonlarida yetishtirib bo‘lmaydi. Kuchli issiq va tuprog‘i qattiq bo‘lgan yerlarni suymaydigan sabzavot bu - kartoshka deganlari. “Ikkinchi non”dan tog‘oldi, biroz namlik yuqori bo‘lgan, yeri yumshoq bo‘lgan joylarda ko‘ngildagidek hosil olish mumkin.

Kuzgi kartoshka sentabr – oktabr oylarida kavlab olinadi. Kartoshkani uch oyda yetilishini hisobga oladigan bo‘lsak, shu yil iyun – iyul oylarida ko‘proq maydonga serhosil navlarni ekishni o‘ylash kerak. Ana shunda oddiy savolga javob bera olmagan mutasaddilar keyingi yilda bugungidek muammoga duch kelmasliklari aniq.

 

Mavzuga oid
Top