09:46 / 03.04.2017
7223

Polsha kompaniyasi «Navoiy» EIZda bir nechta loyihani amalga oshirmoqchi

Polshaning ELQ-SA va PromacSpZoo kompaniyalari delegatsiyasi «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda UzDaily.uz. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Polsha kompaniyalari energetika qurilmalarini ishlab chiqarish sohasida tajribaga egadir.

Muzokaralar davomida tomonlar ELQ-SA xalqaro energetika kompaniyasi bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

Xususan, tomonlar sanoat va kommunal sohalarda qo‘llaniladigan transformator nimstansiyalari va dizel generatorlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator loyihalar va dasturlarni ko‘rib chiqishdi.

Polshalik sarmoyadorlarga «Navoiy» EIZning o‘ziga xos jihatlari, imtiyozlari va afzalliklari haqida to‘la ma'lumot taqdim etildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ELQ-SA energetika kompaniyasi va Energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish sohasidagi direksiya o‘rtasida Hamkorlik niyati memorandumi imzolandi.

Top