16:36 / 04.04.2017
22794

Manba: Peterburgda terakt bo‘lishi haqida oldindan xabar berilgandi

Maxsus xizmatlar Peterburgda terakt tayyorlanayotgani haqida oldindan ogohlantirilgandi. Ammo bu terakt qisman bartaraf qilingan: bombalardan birigina zararsizlantirilgan. Bu haqda «Kommersant'» nashri «ishonchli manba»ga asoslangan holda xabar bergan.

Nashr suhbatdoshining so‘zlashicha, shaharda teraktga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida Suriyadan qaytgan va IShID bilan hamkorlik qilgani uchun qo‘lga olingan rossiyalik maxsus xizmatlarga xabar bergandi. Manbaning aytishicha, u Suriyadan IShIDning bir qancha a'zolari Rossiyaga yuborilgani haqida biladi, ammo ular bilan faqat telefon orqali aloqada bo‘lgan.

Gazetaning yozishicha, ushbu manba jangarilarning iyerarxiyasida eng quyi o‘rinlardagi vakil bo‘lgan va ko‘p ma'lumotga ega emas.

Nashrning yozishicha, terrorchilar telefondan tez-tez foydalanishmaydi, foydalanilganda ham qisqa iboralar orqali so‘zlashishadi. «Telefon o‘yini» birinchi portlashdan keyin to‘xtatilgan: maxsus xizmatlar telefon raqamni aniqlab, aloqani uzishgan, bu orqali ikkinchi portlashning oldi olingan. Gazeta suhbatdoshining taxmin qilishicha, ikkinchi ijrochi aloqadan uzilgach, vahimaga tushgan va sumkani odamlar orasida qoldirib, qochib ketgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, teraktni Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 1995 yilda tug‘ilgan, hozirda Rossiya fuqarosi bo‘lgan Akbar Jalilov amalga oshirgan.

Top