12:26 / 04.04.2017
47505

MXX Koreyaga ishlashga yuboruvchi firibgarlar to‘dasini fosh etdi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati operativ xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi departament vakillari bilan hamkorlikda fuqarolarni xorijga ishlashga yuborish bo‘yicha firibgarlik tizimini fosh etdi. 

Sputnik O‘zbekiston sayti xizmatdagi mulozim so‘zlariga asoslangan holda yozishicha, tizimni Andijon viloyati fuqarosi, vaqtincha ishsiz bo‘lgan 49 yoshli S.A. (ism-sharif tergov maqsadida oshkor qilinmayapti) O‘zbekiston fuqarolarini ma'lum haq evaziga Janubiy Koreyada ishlashga yuborishda ko‘mak berishni va'da qilgan. 

"Jinoyatchi boshqa qonunga zid usullar bilan ham pul topgan. U poytaxtdagi ayrim OO‘Yulariga o‘qishga kirish bo‘yicha noqonuniy tizimlar bilan fuqarolar o‘rtasida vositachilik ham qilgan. Bundan tashqari, xorijiy oliy o‘quv yurtlari diplomlarini O‘zbekistonda nostrifikatsiya qilingani bo‘yicha soxta sertifikatlar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Shu bilan birga, ta'kidlanishichaa, u bundan avval ikki marta bojxona qonunchiligini buzgani va o‘g‘irlik sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan", — deya qayd etgan MXX vakili. 

Bunda jinoiy to‘daning asosiy bo‘g‘ini 67 yoshli farg‘onalik ayol U.M. bo‘lgan. U jabrdiydalarga o‘zini Toshkentdagi Koreya qo‘shma korxonasi xodimi sifatida tanishtirgan. U.M. Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasida tanishlari borligini aytgan. Odamlarni ishontirish maqsadida qimmatbaho liboslar kiyib, qimmat taqinchoqlar taqib yurgan. Toyota Prado avtomobilini boshqargan.

Albatta, bu xarajatlar qarmoqqa ilingan sodda odamlar hisobidan qoplangan. Ularning firibgarlik to‘riga 40dan ortiq o‘zbekistonlik ilingan. Firibgarlar Koreyaga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lganlardan 1-5 ming dollar pul olgan. 

MXX operativ xodimlari S.A.ni 1 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olishgan. Keyinroq, uning jinoiy sherigi bo‘lgan ayol ham qo‘lga olindi. Prokuratura organlari ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Top