16:57 / 05.04.2017
22495

«Biz sen bilan, Sirojiddin!». Oyog‘i singach tashlab ketilgan futbolchi tarixi

Foto: «Championat.asia»

O‘zbek futboli jamoatchiligi Samarqandning «Dinamo» klubi sobiq futbolchisi, saraton kasalligiga chalingan Sirojiddin Sayfiyevni qo‘llab-quvvatlash aksiyasini boshladi. Jurnalist Farhod Norbo‘tayev o‘z blogida «Biz sen bilan, Sirojiddin!» sarlavhali maqolasini taqdim etgan.

Aslida bugun siz o‘qiyotgan voqealar Sirojiddin Sayfiyev bilan intervyu uyushtirilib, 2015 yilda ommaga e'lon qilinishi lozim edi. Ammo Sirojiddinning iltimosi bilan, aniqrog‘i uning «Dinamo»  klubi rahbariyati insofga kelib, oylik maoshlari va mukofot pullarini berishga bo‘lgan ishonchi sabab hech bir ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinmagandi. Ammo kuni-kecha noxush xabar eshitdim. Sirojiddin Sayfiyevning oyog‘i singanidan keyin boshidan kechirgan ayrim voqealarni aytmasdan tura olmayman. Buning uchun oldindan Sirojiddin Sayfiyevdan uzr so‘rayman.

Sirojiddin meni kechiring! Siz boshingizdan kechirgan va kechirayotgan qiyinchiliklarni bugun ommaga e'lon qilish orqali «Dinamo» klubi rahbariyati tomonidan sizga nisbatan nohaqliklar qilganini aytmoqchiman. Bu holatni o‘qigan O‘zbekiston futbol federatsiyasi, Professional futbol ligasi va boshqa aloqador tashkilotlar kerakli xulosani chiqarib oladi degan umiddaman.

Asli haqiqatni hamma bilishi kerak. Zora bugun to‘p tepib oila tebratayotgan har bir futbolchining boshiga jarohat deb atalmish og‘ir qismat tushishi, ularga ham boshqa klub rahbarlari nohaqlik qilmasligi uchun ham yozayapman bu voqealarni. Zora shundan so‘ng «Dinamo» klubi rahbarlarining ozgina bo‘lsada vijdoni uyg‘onib qolsa. Agar rostdan ham vijdon bo‘lsa, albatta.

Sirojiddin Sayfiyev bilan «Qing‘ir ishning qiyig‘i» yoxud inqirozga yuz tutayotgan «Dinamo» va soxta «vedimostlar» haqida haqiqatlar» nomli maqolani yozish arafasida Toshkentda uchrashib, suhbatlashganman. Ushbu maqolada futbolchi jarohat olganidan so‘ng klub tomonidan hech qanday e'tibor bo‘lmayotganligi xususida to‘xtalib o‘tganman. Sirojiddin klub rahbariyati insofga kelib qolishini uzoq vaqt kutdi. Hamon kutmoqda.

2015 yilning 24 oktabr kuni Oliy liganing 24-turida Toshkentda «Lokomotiv»ga qarshi kechgan o‘yin Sirojiddin uchun professional faoliyatidagi so‘nggi o‘yini bo‘ldi. O‘sha o‘yinda ham u «Dinamo» uchun borini berib o‘ynadi. Ammo 84-daqiqada sodir bo‘lgan o‘sha ma'shum voqea uning hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Alam qiladigani shundaki, jarohatdan so‘ng tez tibbiy yordam mashinasida uni poytaxtdagi «Travmatologiya va ortopediya respublika ilmiy tekshirish instituti» shifoxonasiga olib kelishdi. Biroq futbolchining ortidan «Dinamo» klubi rahbariyatining biron vakili bormadi.

«Oyog‘im singan. Og‘riqqa chiday olmayman. Operatsiya bo‘lishini 4 soat kutib yotdim. Bu vaqt oralig‘ida klubning biron-bir rahbari kelib holimdan xabar olish tugul, ahvoling yaxshimi deb so‘rb ham qo‘ymadi, deb aytib bergandi Sirojiddin Sayfiyev. Faqatgina o‘sha paytda jamoadoshim Zayniddin Tojiyev mening yonimda turdi. Buning uchun Zayniddin akaga katta rahmat aytaman», deya eslagan futbolchi.

Singan oyoqda 4 soat operatsiyani kutish… Buni tasavvur qilishning o‘zi azob. Eng achinarlisi og‘ir ahvolda yotgan Sirojiddinning holidan klub rahbariyati nafaqat to‘rt soat ichida, balki undan so‘ng ham xabar olmagan. Xo‘sh, «Dinamo»ni boshqarayotgan bunday rahbarlarni kim deb atash mumkin?

«Operatsiyadan  so‘ng tursam, palatadagi shkafchada pul turibdi. Operatsiyadan oldin otamga hech kimdan pul so‘ramang, klubdagi oyligimni bersa, hamma xarajatlarga yetadi deb aytgandim. Ammo otamning qarshiligiga qaramay Artur Gevorkyan va boshqa ko‘plab futbolchilar sog‘ayib ketishim uchun pul tashlab ketishgan ekan», deya eslagandi futbolchi.

Ana shunday qiyin ahvolda qolgan paytda klub Sirojiddin Sayfiyevning oyligi tugul, jarohat olganda to‘lanishi lozim bo‘lgan pulni ham bermaydi. Unga ajratilgan sug‘urta pulini eshitib ochig‘i, kulishni ham yig‘lashni ham bilmay qoldim. Atigi 174 ming so‘m.

«Klubga oyligimni so‘rab kelganimda bosh hisobchi sizga sug‘urta puli chiqardik deb 174 ming so‘m yozilgan qog‘ozni ko‘rsatdi. To‘g‘risi, bu gapni eshitib yig‘lab yuboray deganman. Sug‘urta pulingiz kerak emas, oyligimni bersangiz bo‘ldi, deganman bosh hisobchiga. U esa yana klub rahbariyatiga murojaat qilishim kerakligini aytgandi», deb eslagandi o‘sha vaqtda u.

Sirojiddin Sayfiyev kabi futbolchilar borligi uchun elning oldida ko‘kragini kerib yuradigan klub rahbarlarining «himmati»ni qarang!!! Ularning bu qilmishlariga nima deb izoh yozishni ham bilmaydi kishi.

Sirojiddin bir yil davomida oylik maoshi va yutuq pullarini olish uchun juda ko‘p joyga murojaat qiladi. Klub homiylari biz pulni to‘laganmiz desa, klub rahbarlari hali bizga pul tashlab berilgani yo‘q deb aldab yuradi. U har safar Samarqandga kelganida klub huquqshunosi Sh. Hotamovga, Hotamov klub vitse-prezidenti F. Karimovga, u esa  klubning sport direktori Rustam Istamovga, Istamov esa klub hisobchisiga, hisobchi esa yana klub rahbariga, klub rahbari esa futbolni qo‘llab-quvvatlash fondi rahbari Baxtiyor akaga uchrashishini aytib, Sirojni Toshkent-Samarqand o‘rtasida «bo‘zchining mokidek» qilib qo‘yadi.

Afsuski, bugun futbolchilarni aldab orttirgan pullar evaziga uning isiga tura olmaydigan bo‘lib qolganlar O‘FFni, O‘zPFLni va homiylarni aldagan holda hamon klubniboshqarib yurishibdi. Biroq, «Dinamo» klubi uchun jonini bergan futbolchi esa ming bir azobda. Bilmadim, bugun ular yana qancha samarqandlik futbolchilarning hayotini izdan chiqarar ekan.

«Qing‘ir ishning qiyig‘i» yoxud inqirozga yuz tutayotgan «Dinamo» va soxta «vedimostlar» haqida haqiqatlar» nomli maqolani yozish arafasida o‘sha vaqtda klubda to‘p surgan va oylik maoshlarini ololmay yurgan bir necha futbolchi bilan uchrashdim. Shu qatori Sirojiddin Sayfiyev bilan ham. O‘sha uchrashuvda asta-sekinlik bilan jarohati tuzalayotganligi, «Futbol-MeD»da davolanayotganligini aytib berdi. Biroq, jarohat to‘liq yaxshilanayotganligiga ishonch hosil qilish uchun Germaniyaga borib kelishi lozimligini aytib o‘tdi. Ammo klub rahbariyati hamon pullarini bera olmaganligi uchun Germaniyaga bora olmayotganligini qo‘shimcha qildi.

Bu vaqt oralig‘ida Sirojiddin Ignatiy Nesterov Germaniyaga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ketayotganini, unga rentgen qog‘ozlari bilan birga jarohat olgan vaziyatning videosi kerakligini, imkoni bo‘lsa o‘sha vaziyat tushirilgan jarayonni topib berishimni so‘radi. Tanish-bilishlardan surishtirib, unga oyog‘i singan jarayonning videosi va rasmini yubordim. Shu topda his qildimki, futbolchining bu azoblarini «Dinamo» klubi rahbarlari hech qachon his qila olishmas ekan. Agar his qila olishganida unga yordam berishar edi. Afsuski, ular pul uchun insoniylikdan chiqib, manqurtga aylanib bo‘lishgan ekan.

Oylik maoshini olish maqsadida Toshkentdan Samarqandga kelgan Sirojiddin bilan har safar ko‘rishardik. Uchrashuvlarning birida u hamon pullarini ololmay halak bo‘lib yurganini, oxirgi chora sifatida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga murojaat qilganini aytib berdi. Aynan shundan so‘ng paytavasiga qurt tushgan «Dinamo» klubi rahbari unga oylik maoshi va mukofot pullarini berishni va'da qilishgan. Hatto aniq sanasini aytib, o‘sha kuni barcha pullarini berishni aytishgandi. Aytilgan muddat uch-to‘rt marotaba o‘zgaradiki, u pullarini ola bilmaydi. Vaholangki, 2012 yilda futbolchining klub bilan tuzilgan shartnomasining 2.4-bandi va 2014 yilda tuzilgan shartnomasining 2.6-bandida futbolchi mashg‘ulot va o‘yin jarayonida jarohat olsa ish haqqi yuz foiz miqdorida to‘lab berilishi keltirib o‘tilgan.

Oradan biroz vaqt o‘tgandan so‘ng Sirojiddin bilan Samarqandga ko‘rishishga kelishdik. Toshkentdan yo‘lga chiqqanda to‘g‘ri viloyat futbol federatsiyasiga kelishi va o‘sha yerda gaplashib olishishimiz lozim edi. Ammo u avval «Dinamo»ga, so‘ng men bilan uchrashishini aytdi.

U bilan uchrashganimda aytgan gapi ochig‘i meni hayron qoldirdi. Nahotki, klubga g‘alaba keltirganingda ko‘klarga ko‘tarilgan futbolchi jarohat olgandan so‘ng sariq chaqaga ham arzimay qolsa degan fikr o‘tdi xayolimdan.

«Farhod aka (u menga doimo shunday murojaat qiladi) Toshkentdan yo‘lga chiqqanimda taksiga beradigan puldan tashqari bor yo‘g‘i 2000 so‘m pulim qolgandi. Siz uchrashaylik degan taklifingizga avval «Dinamo»ga borib, so‘ng siz bilan uchrashishni aytdim. Sababi, agarda klub bu safar ham pulni bermasa, Samarqanddagi uyiga yetib olish uchun bor yo‘g‘i 2000 so‘m pulim qolgandi», deb aytgandi o‘shanda.

O‘sha kuni futbolchining baxtiga yuqori tashkilotga qilgan murojaatidan so‘ng «Navbahor» ustidan qozonilgan g‘alaba uchun ajratilgan mukofot pulini berishgan ekan.

Hozirgi kunda «Dinamo» professional futbol klubi rahbariyati Sirojiddin Sayfiyevdan 2012 yilning noyabr oyi uchun 5 million, dekabr oyi uchun 5 million, «Dinamo» – «Mash'al» (2:0) va «Dinamo» – «Neftchi» (2:0) o‘yindagi g‘alabalari uchun berilishi lozim bo‘lgan 10 million, 2014 yilda esa klub tomonidan va'da qilingan va shartnomada ko‘rsatilgan 20 million ko‘tarma puli (pod'yomnyye) va «Bunyodkor» – «Dinamo» (0:1), «Dinamo» – «Qizilqum» (2:1), «Dinamo» – «Andijon» (2:0), «Dinamo» – «Olmaliq» (2:1) o‘yinlarida erishilgan g‘alaba uchun ajratilgan 20 million so‘m, umumiy hisobda 60 million so‘mlik qarzi bor.

Odatda har yilning yakunida har bir tashkilotning bosh hisobchilari moliya boshqarmasiga xodimlarning oylik maoshlari, tashkilot ishlatgan mablag‘ va boshqa iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot topshiradi. O‘sha hisobotda mavjud kamchilik va qarzdorliklar bo‘lsa uning hisobi qabul qilinmaydi. Qiziq, «Dinamo» klubi bosh hisobchisi 2012 va 2014 yillardagi yillik hisobotni viloyat moliya boshqarmasidan qanday qilib tasdiqlatib olgan ekan? Axir o‘sha yillarda nafaqat Sirojiddinning balki boshqa futbolchilarning ham oylik maoshlari berilmagandiku? Hatto klub futbolchilari oylik maoshlari va mukofot pullari olish maqsadida O‘FF va O‘zPFLga ham bir necha bor murojaat qilib ham pullarini ololmagan ediku?

Klub rahbariyati 2017 yilning 1 mart kunida Sirojiddin Sayfiyevga yuqorida qayd etilgan qarzlarni to‘lab berishini va'da qilgan. Mana va'da qilgan muddatdan bir oy ham o‘tdiki, haligacha uning pullarini berishni xayollariga ham keltirishmayapti.

Og‘ir ahvolda qolgan futbolchi to‘liq sog‘ayib ketishi uchun mablag‘ kerak. Shu maqsadda klubda qolib ketgan oylik maoshlari va mukofot pullarini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenning virtual qabulxonasiga murojaat qilmoqchi edi. 31 mart kuni virtual qabulxonaga yubormoqchi bo‘lgan shikoyat xatini tahrir qilib berish maqsadida menga yuborishini aytgandi. Afsuski, o‘sha kungi suhbatimizdan so‘ng Sirojiddin bilan boshqa gaplashish imkoni bo‘lmadi. 4 aprel kuni esa internet tarmog‘ida uning og‘ir xastalikka chalingani haqidagi noxush xabarni eshitdim.

Nahotki «Dinamo» klubi rahbariyati «o‘ziga xon ko‘lankasi maydon» bo‘lib qolgan bo‘lsa? Axir har yili klubga 5-7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladiku? Ajratilgan shuncha mablag‘ futbolchilarga berilmagan bo‘lsa, qayerga sarflangan? Birgina 2016 yilda viloyatimizda professional va ommaviy futbolni rivojlantirish uchun homiy tashkilotlar tomonidan tashabbus bilan o‘tkazilgan ommaviy hashar hisobidan 3668.3 million so‘m mablag‘ to‘plangan. Ushbu mablag‘ «Dinamo-plyus» professional futbol jamoasi, «Sherdor» birinchi liga futbol jamoasi, Dinamo Wumen ayollar futbol jamoasi hamda «Nafis» mini futbol jamoalarini qo‘llab-quvvatlashga sarflangan. (Ajablanarli jihati, 2016 yilda Birinchi ligada «Dinamo» klubi ishtirok etgan, «Sherdor» klubi esa Birinchi ligada ishtirok etmagan bo‘lsada, ikkinchi ligadagi ishtiroki uchun 150 million so‘mlik smeta qilgan. Ikkinchi liga jamoasi uchun shuncha pul-a. Bu haqida keyinroq).

Nahotki har yili homiy tashkilotlar tomonidan tashabbus bilan o‘tkazilgan ommaviy hashar hisobidan «Dinamo» klubiga ajratiladigan milliardlab mablag‘lardan birgina futbolchining oylik maoshi va mukofot pullarini berish qiyin ish bo‘lsa? Agar u jarohat sabab faoliyatini erta tugatmaganida o‘sha ololmay qolgan pullaridan boshqa futbolchilar kabi kechib yuborarmidi?

U andisha qildi. Andishani otini qo‘rqoqqa chiqargan klub rahbariyati uning peshona terisi bilan topgan pullarini berish o‘rniga «otangga bor, onangga bor» qabilida hamon ovora qilmoqda. Uning og‘ir ahvolini eshitgan bo‘lsada, futbolchining mehnati evaziga topilgan pullarini berishni xayoliga ham keltirgani yo‘q.

Sirojiddin Sayfiyev haqida eshitganim kechagi xabar meni karraxt ahvolga soldi. Qadrdon akadek bo‘lib qolgan inson bunday holga tushib qolganiga hamon ishonmayapman.

Internet tarmog‘i orqali futbolchini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Biz sen bilan Siroj» aksiyasi o‘tkazilayotgan ekan. Bu tashabbusga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgan «Lokomotiv» klubiga tasannolar aytsa arziydi. Aslida esa, «Dinamo»dan shunday tashabbusni kutgandim. Futbolchi bilan bo‘lib o‘tgan shuncha voqealardan so‘ng tushunib yetdimki, «Dinamo»dan bunday tashabbusning chiqishi amri mahol. Bu tashabbus bo‘lganida o‘sha vaqtning o‘zida amalga oshirilar edi. Klub mutasaddilaridan bir iltimosim bor, mayli futbolchi uchun hech qanday aksiya o‘tkazmang, biroq uning halol topgan 60 million so‘mlik mehnat haqqini to‘lab bering! Shuning o‘zi klub tomonidan katta aksiya bo‘ladi. Chunki, bugun unga bu pullar suv va havodek zarur!

Sirojiddin Sayfiyev – millionlab futbol muxlislari bugun siz bilan! Biz sizni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz! Sizning og‘ir ahvolga tushub qolgan klub rahbarlariga ham qilmishlari uchun javob beradigan kunlari ham bordir. Millionlab futbol ishqibozlari sizni sog‘ayib ketishingiz uchun duodamiz!

P/S: Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, «Dinamo» futbolchi jarohat olgan kunda uni Toshkentda 10 ming so‘m bilan qoldirib ketgan va o‘sha kuniyoq u bilan shartnomani bekor qilgan. 

Sayfiyev yaqinlari yordamida kimyoterapiya olgach, o‘pkasidagi o‘simtaning yarmi yo‘q qilingan va kasallikni rivoj olishi to‘xtatilgan. Ammo 2016 yil uning boshida qattiq og‘riq turadi va kasallik bosh qismiga o‘tgani ma'lum bo‘ladi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Sirojiddin Sayfiyev do‘sti, boshqa bir futbolchi Erkin Boydullayev ko‘magida Moskvaga olib borilgan. Uning Moskvaga borib davolanish xarajatlarida «Dinamo»ning hozirgi rahbariyati ham yordam qo‘lini cho‘zgan. Moskvada Sirojiddin 3—4 aprel kunlari ikki mara kuchli kimyoterapiyani boshdan o‘tkazgan.

Shiforkorlar uning boshidagi olti o‘simtadan 3tasini qisqartirishga erishishgan. Qolgan 3tasi hozircha kichik holatda. Bunday tashxis qo‘yilgan bemorning hayoti uning organizmi dard bilan qanchalik kurasha olishiga bog‘liq hisoblanadi.

Ayni vaqtda CA nashri Sirojiddin Sayfiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun #taslimbolmasiroj aksiyasini boshlagan va unga pul yig‘ish boshlangan.

Top