22:52 / 06.04.2017
10253

Donald Tramp hozirgidan 5 chandon boyroq bo‘lishi mumkin edi

AQSh prezidenti Donald Tramp boyligining aniq miqdori ma'lum emas. Trampning aytishicha, uning boyligi 10 mlrd dollarga teng. Forbes nashri esa Trampning boyligi ancha kamroqni – 3,5 mlrd dollarni tashkil qilishini aytib keladi. Biroq nima bo‘lganda ham, u badavlat insondir. 

Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp boyligining asosiy tashkil etuvchisi – ko‘chmas mulkdir. Trampning birgina Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulki 1,7 mlrd dollarga baholanadi. Qolgan ko‘chmas mol-mulki esa 630 mln dollarga teng. 

Bunga Trampga tegishli 620 mln dollarlik golf-klub va kurortlarni, 270 mln dollarlik aksiya va obligatsiyalarni va Tramp nomining savdo markalari, binolar va boshqalarda ishlatilishidan olingan 230 mln dollarni qo‘shing. Aynan 3,5 mlrd dollar hosil bo‘ladi.

Biroq Tramp bundan 5 chandon boyroq bo‘lishi ham mumkin edi. Buning sababi esa quyida keltirilgan.

Faraz qilaylik, Tramp 1974 yilda fond bozoriga 1 dollar tikib, olingan dividendlarni investitsiya qilganda, 2016 yil oxiriga kelib unda 84,11 dollar pul jamg‘arilgan bo‘lardi.

Aslida 1974 yilda Trampda 200 mln dollar bo‘lgan. Bu pul unga otasidan meros bo‘lib qolgan. Agar bu pullarni investitsiya qilganda, unda bugun uning boyligi 16,8 mlrd dollarni, ya'ni dastlabki pulidan 80 chandon ko‘proqni tashkil qilgan bo‘lardi. Bu miqdor esa 3,5 mlrd dollardan anchagina ko‘p, to‘g‘rimasmi?

Shuning uchun agar Tramp o‘zida bor bo‘lgan pulni biznesni yuritishga emas, balki fond bozoriga kiritib, vaqtini golf o‘ynab o‘tkazganda unda u bugungi kunda Forbes reytingida 544-o‘rinni emas, balki milliarderlar Rey Dalio va Karl Aykan bilan bir qatorda 54-o‘rinni egallab turgan bo‘lardi.

Top