23:53 / 06.04.2017
12926

Iordaniya qiroli Qrim borasida Rossiya bilan "savdolashish" haqida G‘arbga maslahat berdi

Iordaniya qiroli Abdulloh II Washington Post gazetasiga bergan intervyusida Suriya masalasiga yechim topish uchun AQSh va YeIni Qrim masalasi bo‘yicha Rossiyaga yon berishga chaqirdi.

Iordaniya monarxining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ayni paytda "uch o‘lchamli shaxmat o‘ynamoqda", bu o‘yinda Qrim, Suriya va Ukraina katta ahamiyatga ega.

"Amerikaliklar va yevropaliklar ruslar bilan shu uch masalani birvarakayiga muhokama qilishlari lozim", — deya ta'kidlagan Abdulloh II, bu borada "keskin savdolashish" lozimligini ham maslahat berar ekan.

"Ruslar uchun, menimcha, eng muhimi bu — Qrim. Agar Qrim masalasida tomonlar hamfikrlilikka kelishsa, fikrimcha, Suriya masalasida ancha yumshoqlikni kuzata boshlaysiz, Ukraina ham o‘shanda bugungidek muammoli hudud bo‘lmay qoladi", — degan Abdulloh II.

Qrim Ukrainada sodir bo‘lgan norozilik namoyishlaridan so‘ng, 2014 yil martida o‘tkazilgan referendumdan so‘ng Rossiya hududiga aylangan edi. Referendumda Rossiya bilan qo‘shilishni yoqlab qrimliklarning 96,77 foizi, sevastopolliklarning 95,6 foizi ovoz berishgan. Garchi ushbu referendum va hududning Rossiyaga qo‘shilishi jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan bo‘lsa-da, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yarim orolning hududiy mansubligi masalasi allaqachon yopilganini ta'kidlagan. Moskva, shuningdek, Qrim Rossiya va AQSh o‘rtasidagi savdolashuv uchun sabab bo‘la olmasligini ham alohida ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid
Top