13:25 / 06.04.2017
18267

Parkentda chaqalog‘ini 6 million so‘mga sotib yubormoqchi bo‘lgan ayol 8 yilga qamaldi

1990 yil Jomboy tumanida tug‘ilgan Barno Sa'dullayeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 18 yoshga to‘lganida sirdaryolik bir yigit bilan shar'iy nikohdan o‘tib, uch yilgina birga yashadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

U o‘zaro kelisholmay ajrashganda homilador edi. Farzandi tug‘ilganda esa ota o‘g‘lini tan olmadi. Shu bois har qancha og‘ir bo‘lmasin, Barnoning otasi chaqaloqqa o‘zining familiyasini berishga majbur bo‘ldi. 2015 yilda bolasini ota-onasiga tashlab, ishlash maqsadida poytaxtga kelgan Barno ijarada yashayotgan opasining uyiga joylashdi. 

Ko‘p o‘tmay Yuqorichirchiq tumanida yashovchi bir ayol bilan tanishdi. Ayolning unga rahmi keldi, ro‘zg‘origa qarashib turishni so‘rab, uyida yashashni taklif qildi. Aytmoqchi, opasining uyida yashab yurganida bu yerga Zilola ismli ayol vaqtincha yashash uchun ko‘chib kelgan edi. Barno u bilan tezda til topishib, opa-singildek bo‘lib ketdi.

Xullas, Barno endi Yuqorichirchiqqa ko‘chib o‘tdi. Orada samarqandlik yigit bilan tanishdi. Bu tanishuv uning navbatdagi homiladorligi bilan yakuniga yetdi. Zilola bilan goh-goh gaplashib turgani bois, uning yashashga joy va ish topolmayotganidan xabar topdi va uy egasining roziligi bilan uni ham o‘zi bilan yashashga ko‘ndirdi.

2016 yilning fevral oyida opasining uyiga qaytgan Barno bir oydan so‘ng, 19 mart kuni o‘g‘illi bo‘ldi. Ammo tug‘uruqxonadan chiqishi uchun puli yo‘qligi sababli, Zilolaga qo‘ng‘iroq qilib, xushxabarni aytdi va qarz so‘radi. Zilola yetib kelib, ozroq pul berdi.

Ularning o‘rtasidagi kelishuv qanday boshlangan, qancha davom etgan, bu bizga qorong‘u. Ammo oxir-oqibat Barno chaqaloqni sotishi, Zilola esa unga xaridor topishi bilan nihoyasiga yetdi. Ertasi kuniyoq Zilola unga qo‘ng‘iroq qilib, chaqaloqqa xaridor topgani haqida xabar qildi. Uch kundan keyin Barno bilan chaqaloqqa javob tegdi.

Barno tug‘uruqxonadan to‘g‘ri opasi ijarada yashayotgan uyga keldi. Zilola bu yerga ikki-uch marta kelib, o‘n ikki-o‘n uch yildan beri farzand ko‘rmayotgan er-xotin ishonchli odamlar ekani, chaqaloq uchun olti million so‘m bermoqchi ekanliklarini aytib, savdoni tezlashtirishni so‘ray boshladi.

Ertasi kuni Zilola sumka ko‘tarib, ularnikiga kirib keldi. Ko‘chadagi “Lasetti” avtomashinasida xaridorlar o‘tirishgani, oziq-ovqatni ham ular berib yuborishganini aytdi-da, Barnoni ular bilan gaplashishga unday boshladi. Barno ko‘nmagach, o‘rniga pochchasi chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay ko‘chadan Zilola qo‘ng‘iroq qildi. Bolani ko‘chaga olib chiqishni, er-xotin ko‘rmoqchi ekanligini aytdi. Barno ko‘nmagandan keyin Zilola telefonni begona ayolga berdi. Ayol ham bolani ko‘rmoqchi ekanligini aytgan edi, Barno Zilola undan pul olgan-olmaganini so‘radi. Ayol Zilola xizmat haqi sifatida bir yarim million so‘m olganini aytdi-da, o‘zi chiqib, qolgan pulni olishi mumkinligini, agar kerak bo‘lsa yana pul berishga tayyorligini bildirdi. Shundan keyingina Barno ko‘chaga chiqdi.

Mashina oldida turgan erkak yonidagi ayol xotini ekanligini aytib, unga pul uzatdi va “Besh yuz ming so‘m!”, dedi-da, “Bolaning sarf-xarajatlari uchun”, deya qo‘shib qo‘ydi. Pulning kuchi shunda bilindi. Barno indamay pulni olib, tez orqasiga qaytdi. Ichkariga kirib, to‘shakdagi yostiq tagiga yashirib qo‘ydi.

U qaytib hovliga chiqqanida esa o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, deb tanishtirgan kishilar kirib kelishdi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tuman sudi tomonidan odam savdosi jinoyatiga qo‘l urgan uch nafar shaxsga nisbatan hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, Barno Sa'dullayeva, Zilola Umarova hamda Barnoning pochchasi Erkin Sa'diyevning har biriga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Top