16:29 / 07.04.2017
49900

Putin Xavfsizlik kengashini chaqirdi. AQShning harakati tajovuz deb baholandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyadagi raketa hujumidan so‘ng Rossiya xavfsizlik kengashi a'zolari bilan shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qilgan.

Uning aniqlik kiritishicha, «Vashingtonning harakatlari yana bir bor xalqaro huquqqa zid keluvchi agressiya akti» sifatida baholangan.

«Yig‘ilishda ro‘y bergan hodisadan chuqur xavotir bildirilib, bunday tajovuzkor harakatning salbiy oqibatlaridan qochib qutilib bo‘lmasligi qayd etildi», — degan Peskov.

Bundan tashqari, ushbu hujum AQSh va Rossiya munosabatlariga katta zarar keltirgani afsus bilan ta'kidlangan.

Majlisda bosh vazir Dmitriy Medvedev, Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin, prezident ma'muriyati rahbari Anton Vayno, Xavfsizlik kengashi rahbari Nikolay Patrushev, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, IIV rahbari Vladimir Kolokoltsev, FXX direktori Aleksandr Bortnikov, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin, shuningdek prezidentning tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va transport masalalari bo‘yicha maxsus vakili Sergey Ivanov ishtirok etgan.

AQSh qurolli kuchlari 7 aprelga o‘tar kechasi Donald Trampning buyrug‘i bilan Suriyaning Xoms viloyatida joylashgan aerodromga raketa zarbalari bergan. Aviazarba 4 aprel kuni Suriyaning Idlib viloyatida qo‘llanilgan kimyoviy qurolga javob bo‘lgan. AQSh rahbariyati taxmin qilinayotgan kimyoviy hujum aynan shu aerodromdan boshlangan deb hisoblamoqda.

Top