16:28 / 10.04.2017
8730

To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘z ishiga mas'uliyatsiz rahbarlar keskin tanqid qilindi

Xalq deputatlari Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari tomonidan shu yilning 1-9 aprel kunlari mazkur tumanda hududni rivojlantirishning eng muhim vazifalarini hal etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlashga doir o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Namangan viloyatidan saylangan quyi parlament deputatlari va senatorlar To‘raqo‘rg‘ondagi haqiqiy ahvol bilan yaqindan tanishish, joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida o‘n kun davomida tuman aholisi bilan bevosita uyma-uy yurib, ochiq muloqotlar o‘tkazishdi. Bundan tashqari, parlament vakillari fuqarolarimizning to‘kin va farovon turmush kechirishiga qaratilgan bir qator dolzarb ijtimoiy masalalarni (ta'lim, madaniyat, sport, tibbiyot, bandlik, kommunal, ekologiya kabi sohalar), tadbirkorlik, aholiga savdo va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish va huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyati yaqindan o‘rganildi.

Muloqotlarda aholi tomonidan 485 ta turli yo‘nalishdagi muammolar ko‘tarilib, ularning 215 tasi deputatlar va senatorlar tashabbusi bilan o‘z joyida hal qilindi. 200 tasi esa tuman hokimligi orqali tumanning tegishli mutasaddi tashkilotlariga ijro uchun yuborilib, ular tomonidan hal etildi, viloyat darajasidagi ayrim muammolarning esa viloyat tashkilotlari hamkorligida yechilishiga erishildi. Shu bilan birga respublika darajasidagi 50 taga yaqin muammo alohida ajratib olinib, ularni parlament nazoratining turli shakllari orqali bartaraf etish, tegishli davlat boshqaruvi organlariga parlament va deputatlik so‘rovlari yuborish, parlament eshituvlarini tashkil etishga qaratilgan aniq maqsadli va manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. 

Ta'kidlanganidek, o‘rganishlar yakuni tumanda hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar talayligini ko‘rsatib berdi. Jumladan, tumanda 2017 yilning 1 aprel holatiga ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektlari soni 857 ta bo‘lib, shundan 97 tasi turli sabablarga ko‘ra ishlamayapti. Oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilikni rivojlantirish, fermer va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan oqilona foydalanish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Bugungi kunda tumanda atigi 6 nafar oilaviy tadbirkor va 36 nafar hunarmand faoliyat yuritmoqda xolos.

Tuman hududidagi 4 ta dehqon bozori, 1 ta universal bozor va dehqon bozori tarkibida 2 ta dehqon bozori va 2 ta hayvon bozorlari faoliyati bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi. Avtoturargohlar mavjud emas. Pul tushumlari mexnazmlari to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan, bozor tashqarisi va ichida savdogarlar mustaqil tarzda rastalar o‘rnatib, yo‘llarga chiqib ketgan.
    
Aholi xonadonlariga kredit ajratish bo‘yicha targ‘ibot olib borilayotganligiga qaramasdan ayrim bank mutaxassislari tomonidan fuqarolarga kredit ajratish jarayoni yetarli tushuntirilmaganligi, ularni kredit olishga qiziqtira olmaslik holatlari uchramoqda. Masalan, “Agrobank” tuman filialiga biriktirilgan 7979 ta xonadondan 313 tasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bildirilgan xolos. Qolaversa, fuqarolar tomonidan imtiyozli kredit olish uchun murojaat etib talab qilinadigan xujjatlar to‘plami bank filialiga taqdim etilgan bo‘lsada, turli sabablar bilan ularning murojaatlari haftalab, ayrim hollarda oylab ko‘rilmasligi to‘g‘risida shikoyatlar kelib tushdi.

Tumanda fuqarolarni ishga joylashtirish borasida ham jiddiy muammolar ko‘zga tashlandi. Ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha ishchi komissiyasi faoliyati talab darajasida emas. Bandlikka ko‘maklashish markazi mas'ul xodimlarining ishsizlikni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rmaganligi oqibatida bandlik dasturi ijrosi to‘laqonli bajarilmagan.

O‘rganish davomida sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar taqchilligi bilan bog‘liq muammolar borligi aniqlandi. Aksariyat qishloq vrachlik punktlarida umumiy amaliyot shifokorlari yetishmaydi. Umuman olganda, hozirgi vaqtda tibbiyot muassasalarida 134 vrach-mutaxassis, shu jumladan 50 nafar umumiy amaliyot shifokoriga ehtiyoj mavjud.  

Shuningdek, tahlil davomida maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari, kasb-hunar kollejlaridagi mavjud holat, qishloqlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasiga oid og‘riqli holatlar, dorixonalardagi narx-navo, aholini toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish bo‘yicha haqli e'tirozlar, avtomobil yo‘llarining sifati, aholiga transport xizmati ko‘rsatishning ayanchli darajasi singari muammolar oshkora o‘rtaga tashlandi.

O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif-tavsiyalar berilib, tuman hokimining o‘rinbosarlaridan, viloyat “Suvoqova” korxonasi, “Milliy bank” va “Agrobank” tuman filiallari, tuman obodonlashtirish bo‘limi, Bandlikka ko‘maklashish markazi, davlat soliq inspeksiyasi rahbarlaridan yuksak mas'uliyat bilan yondadish talab qilindi.

Top