19:39 / 10.04.2017
16045

Prezident qabulxonasiga Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish masalasi bo‘yicha shikoyatlar tushdi 

O‘zbekiston Prezidenti virtual qabulxonasi va devoni, hukumat va yagona portalga 1 aprel holatiga ko‘ra IIV Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish Boshqarmasi bo‘limlari bo‘yicha 25 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ulardan 24 mingtasi ko‘rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi. 800dan ko‘prog‘i ayni damda ko‘rib chiqilmoqda. Fuqarolar murojaati tahlili aholi huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish lozimligini ko‘rsatib berdi.

Qayd etilishicha, Prezident farmoni bilan o‘tgan yilning dekabrida 179 nafar inson O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, joriy yilning fevral oyida bunday kishilar soni 94 nafarni tashkil etgan.

O‘zbekiston IIV Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish Boshqarmasi boshlig‘i polkovnik B.Shorixsiyevning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat muammolar chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilayotgan kishi to‘la bo‘lmagan hujjatlar to‘plamini taqdim etsa yuzaga keladi. Muddatlar, davlat bojlari va taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati mvd.uz saytining «davlat xizmatlari» – «pasport-viza faoliyati» bo‘limida taqdim etilgan.

Top