13:06 / 10.04.2017
10314

Stokholm terakti ishi bo‘yicha qo‘lga olingan shaxslardan uch nafari qo‘yib yuborildi

Foto: EPA

Stokholm terakti ishi bo‘yicha qo‘lga olingan uch nafar shaxs so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi. Bu haqda SVT telekanali xabar tarqatdi.

Huquqni muhofaza qilish idorasi vakillari yakshanba kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida Shvetsiya poytaxtida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha besh kishi qo‘lga olinganini xabar bergandi. Prokuratura ulardan ikki nafarini tergov izolyatorida qoldirgan, ulardan biri – jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilovdir. Har ikki gumondorga himoyachilar taqdim etilgan.

Ayni damda yuk mashinasining odamlar ustiga haydalishi oqibatida jarohatlangan to‘qqiz kishi kasalxonada qolmoqda. Ulardan ikki nafarining ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.

Politsiya esa Stokholmning Sollentun tumanida tintuvlar o‘tkazilganini xabar berdi. Expressen gazetasi ma'lumoti ko‘ra, gap teraktning ehtimoliy ijrochisi bilan aloqador bo‘lgan, sanatsiya sohasida ishlovchi kompaniya haqida bormoqda. Voqea joyiga politsiyaning 15 ta mashinasi yo‘l olgan.

"Biz bu masalada ishlashda davom etmoqdamiz", - deya ta'kidlab o‘tgan Stokholm politsiya vakili Karina Skagerlind.

7 aprel kuni Spendrups kompaniyasiga tegishli bo‘lgan o‘g‘irlab ketilgan yuk mashinasi Stokholm markazidagi Drottninggatan ko‘chasida odamlar ustiga haydaldi. Ushbu hodisa oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi va 15 kishi jarohat oldi.

Top