08:51 / 11.04.2017
8266

AQShda yo‘lovchini reysdan majburlab tushirib yuborgan politsiyachi chetlatildi

Amerikaning United Airlines aviakompaniyasi mijoziga nisbatan kuch ishlatgan politsiyachi xizmatdan chetlatildi. Bu haqda New York Times gazetasi xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, hodisa Chikagodan Luisvillga parvoz qilishi kerak bo‘lgan samolyot bortida yuz berdi - o‘tirish joylarining yetishmasligi sabab yo‘lovchini majburlab joyidan qo‘zg‘atishdi. Hammasi bo‘lib to‘rt nafar yo‘lovchi shunday holatga duch kelgan. Ularga tovon puli sifatida 400 dollar va mehmonxonada bir kunni o‘tkazish taklif qilindi. Ikki kishi samolyotni o‘zlari tark etgan bo‘lsa, bir yo‘lovchi buni qilishdan bosh tortdi, natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari chaqirtirilgan.

Internetda esa yo‘lovchini kuch bilan joyidan qo‘zg‘atishayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi. "Qarang, ular nimalar qilayapti! Bu dahshat", - deya baqirgan yo‘lovchilardan biri.

United Airlines vakili Charli Xobartning xabar berishicha, yo‘lovchidan samolyotni tark etish haqida “bir necha bor xushmuomalalik bilan so‘ralgan”. "Biz politsiyani chaqirishga majbur bo‘ldik", - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan aviakompaniya vakili.

Chikago aviatsiya departamenti esa hodisa “ish standartlariga to‘g‘ri kelmaydi” deya ma'lum qildi, yo‘lovchini kuch ishlatgan holda reysdan chiqarib yuborgan politsiyachi esa vaqtinchalik chetlatildi.

Top