00:27 / 11.04.2017
16529

Alisher Usmonov Arsen Vengerga o‘ziga voris topishni taklif qildi

Rossiyalik milliarder, Londonning "Arsenal" klubining 2-raqamli aksiyadori Alisher Usmonov klub bosh murabbiyi Arsen Venger o‘rniga voris tayyorlash kerakligini aytdi. "Bizga izchillik kerak. Bu jumladan, Vengerga davomchi tayyorlash kerakligini anglatadi, biroq buni odob bilan qilish kerak. Men Vengerning o‘zi davomchisini tayyorlashini taklif qilishim mumkin", deb aytdi Usmonov Bloomberg axborot agentligiga bergan intervyusida.  

Shu bilan birga Usmonov "Arsenal"ning muammolari faqatgina murabbiy bilan bog‘liq emasligini aytdi. "Yuz berayotganlarda faqatgina murabbiy aybdor deb hisoblamayman. Javobgarlikning katta qismi direktorlar kengashi va klubning bosh investori Sten Kronke zimmasida", deb qo‘shimcha qildi Usmonov.

Usmonov 2016 yil fevrali oxirida o‘zining hamkori Farhod Moshiriydan Red&White kompaniyasidagi uning ulushini sotib olgandan keyin, "Arsenal"ning yirikligi bo‘yicha 2-raqamli aksiyadoriga aylandi. Usmonovning ulushi 30,04 foiz aksiyani tashkil qiladi. Klubning eng yirik aksiyadori esa hamon amerikalik tadbirkor Sten Kronke hisoblanadi va unga 67,02 foiz aksiya tegishli.

Venger "Arsenal"ni 1996 yildan boshqara boshlagan va ayni vaqtda Angliya premer-ligasidagi bosh murabbiylardan birortasi Vengerchalik o‘z klubi bilan uzoq ishlamagan. Frantsuz "Arsenal" bilan 3 karra Angliya chempioni bo‘lgan.   

Ayni vaqtda "Arsenal" chempionatda 6-o‘rinda ketmoqda va uni Chempionlar Ligasi zonasidan 7 ochko farqlamoqda. Londonliklar Angliya kubogida ishtirok etishni davom ettirmoqdalar va yarimfinalgacha yetib keldilar. Klub Chempionlar Ligasidan 1/8 finalda "Bavariya"ga umumiy hisobda 2:10 hisobda yutqazgandan keyin chiqib ketdi.   

Top