21:40 / 11.04.2017
7954

Tillerson Moskvaga kelishdan oldin Poroshenko bilan maslahatlashuv o‘tkazdi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko AQSh davlat kotibi Reks Tillerson Moskvaga borishidan avval u bilan telefon orqali maslahatlashuv o‘tkazdi. Bu haqda Ukraina prezidenti matbuot kotibi Svyatoslav Tsegolko feysbukda ma'lum qildi. 

Tsegolkoning aytishicha, Tillerson AQSh Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini va Minsk kelishuvlari bajarilishi, jumladan "o‘t ochish tartibini ta'minlash muhimligini" ma'qullashini aytgan. 

"AQSh davlat kotibi Vashington Ukraina va Suriyadagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha hech qanday paket kelishuvlariga yo‘l qo‘ymasligini ta'kidlab o‘tdi", deb yozgan Tsegolko.

O‘z navbatida Poroshenko Ukraina va AQSh "davlatlarni birlashtiruvchi demokratik qadriyatlarni bugungi kunda birgalikda himoya qilayotganini" aytdi. Uning aytishicha, shuning uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar "Ukraina hududiy yaxlitligi to‘liq tiklanmaguncha saqlanib qolishi kerak".

Poroshenko va Tillerson Moskvaga tashrifdan keyin ikki tomonlama maslahatlshuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Top