21:20 / 11.04.2017
11060

O‘zbekistonda elektron chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha katta ko‘lamli ishlar olib borilmoqda

O‘zbekiston yangi elektron chiqindilar to‘plash darajasi bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyin 2-o‘rinni egallamoqda.

"Har kuni respublikada 12-13,5 tonna qattiq maishiy chiqindilar to‘planadi, bu esa yiliga 5 mln tonna deganidir. BMT universiteti mutaxassislarining fikricha, O‘zbekiston hududida 45 tonnagacha elektron chiqindilar, jumladan elektron-maishiy texnika va orgtexnika chiqindilari hosil bo‘ladi, bu esa Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyingi ikkinchi ko‘rsatkich hisoblanadi", deb ma'lum qilindi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida.  

Ayni vaqtda O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi 317 ta korxona faoliyat yuritadi. Ular orasida polimer, makulatura, shisha, rezina, latta-putta va boshqa turdagi chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar bor. Ular tomondan maishiy chiqindilarning 14,23 foizga yaqini qayta ishlanadi. 

Qattiq chiqindilar orasida elektron chiqindilar (elektron qurilmalar butlovchi qismlari) yoki boshqacha aytganda e-waste utillashtirilishi va keyingi ishlatilishi jarayonlarining murakkabligi bo‘yicha birinchi o‘rinlardan birini egallaydi.

Ushbu dolzarb va muhim ekologik muammo – elektron chiqindilarning hosil bo‘lishi muammosini hal qilish uchun Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va "Toshrangmetzavod" bilan qattiq maishiy va elektron chiqindilarni utillashtirishga qaratilgan aholining ekologik faolligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.  

Ushbu dastur elektron chiqindilar va rangli metallar chiqindilarini samarali boshqarish tizimlarini yaratish, jumladan chiqindilarni qabul qilish punktlari yaratish, ijtimoiy-ekologik, axborot-oqartuv tadbirlari o‘tkazish va boshqa yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli loyihalarni o‘z ichiga olgan. 

Bu dasturni amalga oshirishdagi muhim qadamlardan biri "Tashrangmetzavod"ning Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ko‘magidagi innovatsion loyihasi – "Toshrangmetzavod Recycling" kompaniyasini ishga tushirish bo‘ladi. Bu korxona faoliyati elektron chiqindilarni jismoniy va yuridik shaxslardan yig‘ish, ularni utillashtirish va qayta ishlash hamda Toshkent shahri va barcha viloyatlarda tegishli infratuzilmani yaratishga qaratiladi. 

11 apreldan "Tabiatga imkon ber" brendi ostida Media Park savdo markazi hududida tashkilotlar, kompaniyalar, korxonalar va fuqarolardan elektron chiqindilar qabul qilinmoqda. Chiqindilarni topshiruvchilar chegirmalar bilan rag‘batlantirilmoqdalar.

Mavzuga oid
Top