15:46 / 12.04.2017
7587

Allegri "Yuventus"ning "Barselona"ga qarshi uchrashuviga izoh berdi

"Yuventus" bosh murabbiyi Massimiliano Allegri o‘z jamoasining Chempionlar Ligasi chorak finalining 1-uchrashuvida uy maydonida "Barselona" bilan kechgan uchrashuviga izoh berdi va endi uning jamoasini Yevropada hurmat qilishlarini aytdi. Uchrashuv turinliklarning nomdor raqiblari ustidan 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.  

"Tan olish kerak, biz bugun a'lo darajada o‘ynadik. Jamoa himoyada ham, hujumda ham texnik jihatdan yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Yarim finalga yo‘lda birinchi qadam qilindi, biroq javob uchrashuvi umuman o‘zgacha bo‘ladi. Jamoamning "Barselona"dan o‘tishi imkoniyatlarini foizlarda baholay olmayman. Javob uchrashuvida raqib darvozasini nishonga olgan holda o‘ynaymiz.

Men orzu-xayollarga beriluvchanman, biroq shu bilan birga vaziyatga real qarayman. "Yuventus" taraqqiy etmoqda. Jamoa qilayotgan ishdan xursandman, u oxirgi yillarda oldinga qadam tashladi. Endi "Yuventus"ni Yevropada hurmat qilishadi – bu esa klubdagi uch yillik mehnatimning asosiy natijasidir.

Dibala bugun ajoyib tarzda o‘ynab, o‘z darajasini ko‘rsatdi. Barcha yaxshi o‘ynadi. Paulo hujumlarning yakunlovchi qismida ajoyib ishladi. U va barcha jamoa uchun xursandman", deb Allegri aytgan so‘zlarni keltirib o‘tdi Mediaset Premium nashri.

Manba: Tribuna.uz

Top