18:32 / 12.04.2017
11974

Marg‘ilonda o‘z ukasini o‘ldirgan shaxs 7 yilga qamaldi

Qosim aka (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) “Mashina olsak, aka-uka ikkalasi navbat bilan minib, ro‘zg‘orlarini tebratishadi”, derdi. Nihoyat, biroz uringan, lekin ko‘rinishidan yangi “Matiz” rusumli avtomobilni sotib olishdi. Otaxon aka-uka san-manga bormasin, degan o‘yda avtomobilni turmushga chiqqan, alohida turadigan to‘ng‘ich qizining nomiga rasmiylashtirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Mohiraxon ukalari bilan maslahatlashib, o‘zaro kelishib oldi. Katta ukasi yigirma olti yashar Salmonbek kunduz kunlari, kichigi – yigirma to‘rt yoshga kirgan Mavlonbek kechqurunlari “Matiz”da kirakashlik qiladigan, kuniga opalariga yigirma ming so‘mdan keltirib berib turadigan bo‘lishdi.

-  Bu pullar ham o‘zlaringniki. To‘plab, oy oxirida o‘zlaringga qaytarib beraman, - dedi Mohiraxon. – Ammo-lekin ichkilikni bas qilinglar. Falokat oyoq ostida, “prava”ni oldirasiz. Bunisiyam mayli-yu, Xudo ko‘rsatmasin tag‘in...

-  Ey, opa! Nafasingizni issiq qiling, - dedi Salmonbek. – Yosh bola emasmiz. Qoidani buzmasdan ishlaymiz. Mashinani avaylab minamiz-a, Mavlonbek.

-  Xavotirlanmang. Bugundan boshlab bir gramm ham ichmayman.

Aka-uka oilalari bilan ko‘pqavatli turar joy binosida, yonma-yon xonadonlarda istiqomat qilishardi. Salmonbek sahar ishga chiqib ketib, soat besh yarim-oltilarda qaytib kelar, “Matiz”ning kalitini Mavlobekka berardi.

Oradan bir oy o‘tdi. Yarim tur. Havo dim. Salmonbek derazalarni lang ochib qo‘ydi. Uyqusi qochib, tashqariga chiqdi. Mashina chiroqlari bir zum ko‘zlarini qamashtirdi. Sal narida “Matiz” to‘xtadi. Rulda notanish yigit. Salmonbekning jahli chiqdi.

-  Bo‘g‘ilmang, aka, ozgina kayfim bor, - dedi Mavlobek. – Ehtiyot shart, o‘zim minmadim. 

-  Esing joyidami, rulni ham kimga berib...

-  O‘rtog‘im, birinchi klass shopir, avtobus haydaydi.

-  Bo‘ldi, endi minib bo‘psan.

-  Siz xo‘jayin emassiz, minaveraman...

Janjalni eshitib chiqqan kelinlar aka-ukani ajratib, xonadonlariga olib kirib ketishdi. Salmonbekning rafiqasi kelasi kuni saharda qaynopasi Mohiraxonning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, ularni yarashtirib qo‘yishni so‘radi.

-  Birovni qo‘li tegdimi, bir ishkal chiqadi, - dedi bo‘g‘ilib Salmonbek. – Ana, qarang! O‘t olmayapti, akkumulyatori tinchibdi. Bo‘ldi, o‘zim minaman endi.

-  Boshqa ichmaydi, - dedi Mohiraxon. – It-mushuk bo‘lmasdan ishlasalaring ishlanglar. Bo‘lmasa, dadamga aytib, sottirib yuboraman.

-  Bo‘ldi aka, ichmayman. Rulni boshqa hech kimga bermayman...

Salmobek shashtidan tushganday bo‘ldi. Mavlonbek bilan do‘konma-do‘kon yurib, arzonroq akkumulyator izlashdi. Uyga qaytishdi.

-  Magazinda qimmat, bozordan olaman, - dedi Salmonbek opasiga. So‘ngra Mavlonbekka o‘girildi.

-  Ishga chiq.

-  Gazi oz, yo‘lda qolib ketmay. “Zapravka”ga yigirma ming bering.

-  Boricha yurib, kira puliga gaz quydirib olasan!

-  Chiqmayman ishga. Farg‘onada, choyxonada oshimiz bor.

Salmonbek jahlini yutdi.

-  Ishlamaysanmi, bo‘pti, “zapravka” qilib, akkumulyatorni almashtiraman-u, buyog‘iga o‘zim minaman. Sen yeb-ichib, o‘ynab-kulib yuraver.

Salmonbek bozordan ishlatilgan, lekin quvvati ketmagan akkumulyator sotib oldi. Bir soatcha yurib, uyga qaytdi. Mohiraxon Mavlonning uyiga kirdi. U yo‘q edi. Qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi. Yetib kelgach, mashinaning kalitini tutqazib, ishga chiqarib yubordi.

Salmonbek shu yaqindagi yemakxonaga kirib, uch shisha pivo simirdi. So‘ng, uy ortidagi so‘rida o‘rtog‘i bilan ulfatchilikni davom ettirdi.

-  Gazini quyib berdim, akkumulyator qo‘yib berdim. Aka degan shunchalik bo‘lar. Ishla desam, ziyofatga boraman, deydi. Gap qaytargani-chi? Nazar-pisand qilmaydi...

Mohiraxon aljirayotgan ukasini ichkariga chaqirib oldi. “Ertaga mashinani olib ketaman”, dedi. Salmonbek so‘kindi. Mohiraxon Mavlonbekka qo‘ng‘iroq qildi: “Ko‘ziga ko‘rinma, kelmay tur”. “Kelib bo‘ldim”, deya u akasiga ro‘para bo‘ldi.

Aka-uka janjallashib, bir-birini haqoratlayverdi. To‘s-to‘polonda Salmonbek ukasining ko‘ksiga pichoq sanchib qo‘ydi. “Tez yordam” chaqirishdi. Yo‘lda Mavlonbekning joni uzildi.

-  Mashina yaxshilikka buyurmadi, - deydi Mohiraxon ko‘zlariga yosh olib. – Ukalarimdan ajralib qoldim. Biri vafot etdi, biri qamaldi.

Afsuski, mol-dunyoga sig‘inish, ma'naviy so‘qirlik ota-bola, aka-uka, opa-singillar o‘rtasida mulk, uy-joy, meros, narsa talashish yaqin kishilarni yuz ko‘rmas qilib yuborishdan tashqari, yuqoridagi kabi fojiani keltirib chiqaryapti. 

Sud ukasining umriga zomin bo‘lgan S.Mashrabovni yetti yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

Mavzuga oid
Top