20:02 / 12.04.2017
11936

Tramp AQSh va Xitoyning Shimoliy Koreya bo‘yicha hamkorligi haqida fikr bildirdi

AQSh va Xitoyning Shimoliy Koreya masalasi bo‘yicha hamkorligi Xitoy savdosiga foyda keltiradi. Bunday fikrni AQSh prezidenti Donald Tramp Fox Business telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.   

"Biz Xitoy raisi Si Tszinpin bilan uchrashuvda savdo haqida gaplashdik va sizga aytishim mumkinki, Xitoy bizga Shimoliy Koreya masalasida yordam bersa, unda savdo borasida unga ancha yaxshi bo‘ladi", deb aytdi Tramp.

"Fikrimcha, Xitoy bizga yordam beradi. Xitoy yordam berishiga umid qilaman", deb qo‘shimcha qilgan Tramp.

Bundan tashqari, Tramp 11 aprelda Si Tszinpin bilan telefon muloqoti o‘tkazganini ma'lum qilgan. "Xitoy prezidenti bilan Shimoliy Koreya xavfi yuzasidan yaxshi suhbat o‘tkazdik", deb yozgan Tramp tvitterdagi sahifasida.

Trampning aytishicha, u Si Tszinpin bilan uchrashuvi vaqtida AQSh Xitoy bilan tuzmoqchi bo‘lgan yangi savdo kelishuvi shartlari haqidagi masalani ko‘targan. Trampning ta'kidlashicha, bu kelishuvning imzolanishi bevosita Pekinning Shimoliy Koreya masalasini hal qilishdagi yordamiga bog‘liq.

8 aprelda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Si Tszinpin va Tramp Shimoliy Koreyaning raketa-yadroviy muammosi bo‘yicha hamfikrlikka kelishgani va bu yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirishmoqchi ekanliklarini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top