15:01 / 15.04.2017
26338

Samarqandda tramvaylar harakati boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 fevraldagi “Samarqand shahrida tramvay liniyalarini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-2748 sonli qarori ijrosiga muvofiq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Samarqand shahrida umumiy uzunligi 34,8 km ni tashkil etadigan tramvay yo‘llari bosqichma-bosqich qurilmoqda, deb xabar beradi “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.

Ushbu loyihaning birinchi bosqichida qurilayotgan tramvay yo‘lining umumiy uzunligi 11,4 km.ni tashkil etib, bugungi kunda 7,2 km bo‘lgan tramvay yo‘lining birinchi qismi qurilishi to‘liq yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqandga qilgan tashrifi davomida ushbu qurilgan yangi tramvay yo‘lini ham borib ko‘rdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Akbar Shukurov qisqa davrda qurib foydalanishga topshirilgan mazkur tramvay yo‘lining birinchi bosqichida qilingan ishlar va loyihaning ikkinchi bosqichi xususida keng ma'lumotlar berdi.

Qurilishning keyingi qismi temiryo‘l vokzalidan Siyob bozorigacha bo‘lgan yo‘nalishda, ya'ni uzunligi 5 km bo‘lgan tramvay yo‘li qurish ishlari davom etmoqda. Ushbu yo‘nalishda 1 km tramvay yo‘li qurildi va Rudakiy hamda Gagarin ko‘chalari kesishmasida tramvaylarga texnik xizmat ko‘rsatish deposi bunyod qilinmoqda.

Tramvaylarga elektr energiyasi yetkazib berishda, shahar aholisi va korxonalariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasiga salbiy ta'sir qilmasligini ta'minlash uchun 4 ta maxsus elektr nimstansiyalari qurildi. Yangi tramvay yo‘nalishi bo‘yicha harakat grafigi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tramvaylar ertalab soat 06:00 dan kechqurun 23:00 gacha harakatlanadi. Temir yo‘l vokzalidan Sattepo massivigacha tramvay liniyasida ikki tomonlama 4 tadan jami 8 ta tramvay har 7 daqiqada harakatlanadi. Tramvay yo‘lining ikki tarafidan avtobus bekatlari bilan birlashtirilgan 13 tadan jami 26 ta zamonaviy bekatlar qurilgan.

Loyihaning keyingi bosqichida quriladigan tramvay yo‘lining umumiy uzunligi 23,4 km.ni tashkil etib, qurilish "Samarqand" temir yo‘l vokzalidan Spitamen ko‘chasi orqali Kimyogarlar shaharchasi hamda vokzaldan Narpay ko‘chasi orqali Kimyogarlar shaharchasigacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Yangi tramvay yo‘lini qurish barobarida, kadrlar macalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Ayrim tramvay haydovchilari ilgari Toshkent shahrida harakatlangan tramvaylarda faoliyat ko‘rsatishgan, yaxshi tajribaga ega. Ular bilan birgalikda 20 nafardan ortiq yosh tramvay haydovchilari hamda tramvay liniyasiga xizmat qiladigan mutaxassislar, jami 43 nafar fuqaro ishga qabul qilindi.

Samarqand tramvay deposi qoshida tramvay haydovchilarini tayyorlash markazi tashkil etildi.

Top