00:19 / 16.04.2017
12798

Turkiya konstitutsiyasiga taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar

16 aprelda Turkiyada mamlakat tarixida 7-marotaba referendum bo‘lib o‘tadi. Referendumda Turkiya fuqarolari konstitutsiyadagi 18 moddaga o‘zgartirish kiritilishi bo‘yicha ovoz beradilar.   

1961, 1982, 1987, 2007 va 2010 yillardagi konstitutsiyaviy referendumlarda Turkiya fuqarolari asosiy hujjatga taklif qilingan o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlashgan, biroq 1988 yildagi referendumda o‘zgartirishlar rad etilgan.

Joriy referendumga qo‘yiladigan asosiy masala Turkiyada prezident boshqaruvi tizimining kiritilishi bo‘ladi.

Ushbu referendumda Turkiyada ochiladigan 167140 saylov uchastkasida 55 mln 319 ming 222 turk fuqarosi ovoz bera oladi. Bundan tashqari, turmalarda yana 461 ta saylov uchatkasi tashkillashtiriladi. 

Fuqarolar o‘zlari biriktirilgan saylov uchastkalari qayerda joylashganini Oliy saylov komissiyasi sayti – www.ysk.gov.tr orqali bilishlari mumkin bo‘ladi. 

Konstitutsiyaga taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar

Turkiya konstitutsiyasiga 18 ta o‘zgartirishni kiritish qonuniga ko‘ra, agar o‘zgartirishlar qo‘llab-quvvatlansa, prezident boshqaruvi shakliga o‘tiladi, parlament deputatlari soni 550 nafardan 600 nafargacha oshiriladi, parlamentga saylanish uchun yosh chegarasi 25 yoshdan 18 yoshgacha tushiriladi.

Turkiya parlamenti – Buyuk milliy yig‘ilishga va prezident lavozimiga saylovlar har besh yilda aynan bir kunda o‘tkaziladi. Saylangan prezident siyosiy partiyasidagi a'zoligini saqlab kolishi mumkin bo‘ladi.

Prezident lavozimiga saylovlarga oxirgi parlament saylovlarida 5 foizlik o‘tish chegarasidan o‘tgan siyosiy partiyalar fraksiyalari yakka holda yoki koalitsiyaga birlashib, yoxud 100 ming saylovchining imzosini to‘play olgan shaxslar o‘z nomzodlarini qo‘ya oladilar.

Prezident faoliyatining tergov qilinishi parlament deputatlari umumiy sonidan mutlaq ko‘pchilik tomondan qo‘llab-quvvatlanganda boshlanishi mumkin bo‘ladi. 

Vitse-prezidentlar va vazirlar prezident tomondan tayinlanadi va bo‘shatiladi.

Vazirliklarni yaratish va tugatish, ularning majburiyatlari, vakolatlari, tarkiblari, markaziy va hududiy tarkiblari prezident qaroriga ko‘ra shakllantiriladi.

Qayta saylovlar o‘tkazilishi haqidagi qaror deputatlarning beshdan uch qismi tomondan qabul qilinadi. Aks holda navbatdan tashqari parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi.

Agar navbatdan tashqari saylovlarni o‘tkazish haqidagi qarorni prezident qabul qilsa, parlament va prezidentlik saylovlari bir kunda o‘tkaziladi. Agar parlament tomondan prezidentning ikkinchi prezidentlik muddati vaqtida qayta saylovlar o‘tkazish qarori qabul qilinsa, unda amaldagi prezident bu lavozimga yana bir marta saylanishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sud hakamlari soni 17 nafardan 15 nafargacha qisqaradi.

Tuzatishlarga ko‘ra, yaqin oradagi parlament va prezidentlik saylovlari Turkiyada 2019 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi. 

Top