19:47 / 17.04.2017
4300

Pokiston bosh vaziri AQSh bilan hamkorlik qilishga tayyorlikni bildirdi

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif 17 aprelda AQSh prezidentining maslahatchisi Gerbert Makmaster bilan muzokaralar o‘tkazdi va Islomobodning mintaqada tinchlik va xavfsizlik uchun Vashington bilan hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi. Bu haqda Sharif idorasi ma'lum qildi.

Uchrashuv Pokiston va AQSh hukumatlarining Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelgandan keyingi birinchi ikki tomonlama uchrashuvi bo‘ldi. Ta'kidlanishicha, Sharif o‘z hukumatining "Pokistonda xavfsizlik sohasidagi umumiy vaziyatning yaxshilanishiga olib kelgan" tashabbuslari haqida Makmasterga ma'lumot bergan. Sharif Pokiston terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashda yakdillikka erishganini ma'lum qildi.

Sharif Pokiston AQShning ancha yillik do‘sti va hamkori sifatida u bilan mustahkam va o‘zaro manfaatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish va AQShning yangi ma'muriyati bilan mintaqada va uning ortida tinchlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlashga tayyorligini aytgan.

Sharif Pokiston qo‘shni davlatlar – Afg‘oniston va Hindiston bilan totuv munosabatlarga sodiqligini aytgan. Uning aytishicha, Islomobod afg‘on inqirozini tartibga solish hamda Hindiston bilan "barqaror va sermazmun muloqotni" qo‘llab-quvvatlash ustida xalqaro hamjamiyat bilan ishlashga tayyor. Bundan tashqari, Sharif Trampning Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyatga barham berishda yordam berish istagini manmuniyat bilan qabul qilgan.

O‘z navbatida Makmaster AQShning yangi ma'muriyati Afg‘oniston va Janubiy Osiyoda tinchlik va barqarorlik yo‘lida Pokiston bilan ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahakamlash niyatidaligini bildirdi. 

Top