17:58 / 19.04.2017
8173

Bo‘stonliqda to‘rt nafar yigit bosqinchilik qildi

O‘smir psixologiyasi shundayki, unga kuchli ta'sir ko‘rsatgan vosita misli toshga o‘yilgan bitikday ongida, fe'l-atvorida muhrlanib qoladi. Bugun xorijning jangari va zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi filmlarini ko‘rib, o‘zini o‘sha asar qahramonlariday tutishga urinish ayrim hollarda og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Toshkent viloyati IIBning xabar berishicha, IIB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, 2017 yilning 10 aprel kuni soat 02:30 larda, yoshlari taxminan 20-25 larda bo‘lgan to‘rt nafar noma'lum shaxslar, boshlariga qora rangli sport shapkasi, yuzlariga qora rangli niqob va qo‘llarida xo‘jalik qo‘lqopini kiygan holda, Bo‘stonliq tumani, Iskandar qo‘rg‘oni hududidagi xonadonlarning biriga bosqinchilik yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda  kirgan. Ular uy bekasi uxlab yotganligidan foydalanib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, osh pichog‘i yordamida o‘ldirish bilan qo‘rqitib, 2.000.000 (ikki million) so‘m pullari va bir dona narxi 400.000 (to‘rt yuz ming) so‘m bo‘lgan “Nokia-225” rusumli uyali aloqa telefonini olib, jinoyat sodir etgan joyidan yashiringanlar.

Jabrdiyda darhol ichki ishlar idorasiga murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni ikki nafar 1998 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs hamda 1994 yilda va 1996 yilda tug‘ilgan shaxslar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib sodir etganliklari oshkor bo‘ldi.

Ayblanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Xalqimizda kasalni davolagandan ko‘ra, uni oldini olgan afzal degan naql bor. Shu ma'noda, yuz bergan har bir huquqbuzarlik va jinoyatni yuzaga keltirgan sabablarni o‘rganish, oqibatlarini bartaraf etish jamiyat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilayotgan har bir soha vakilining vazifasi bo‘lmog‘i lozim.

Top