09:50 / 19.04.2017
6581

Xitoyda 84 ta yangi harbiy qism tuzildi

Xitoy xalq respublikasi raisi Si Tszinpin mamlakat Xalq-ozodlik armiyasini keng ko‘lamli isloh etish doirasida 84 ta yangi harbiy qismni tashkil qilish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda XXR mudofaa vazirligi xabarida aytilgan.

Si Tszinpin seshanba kuni mamlakat Markaziy harbiy kengashining Pekindagi qarorgohiga kelgan va yangi tashkil etilgan harbiy qismlar rahbarlari bilan uchrashdi. "Si Tszinpin tomonidan farmonda ma'lum qilinishicha, 84 ta yangi harbiy qism tashkil etiladi. Bu armiyani isloh etish va mustahkamlash bo‘yicha yana bir muhim qadam" – deyiladi xabarda.

XXR raisining ma'lum qilishicha, yangi tuzilmalar – yangi tizimning muhim qismi bo‘lib, Xitoy davlat suvereniteti, xavfsizligi va rivojlanishini himoya qilishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, Si Tszinpin yangitdan tashkil etilgan birlashmalar “istalgan vaqtda” urush olib borishga tayyor bo‘lishi, harbiy ishni, barcha turdagi jangovar amaliyotlarni amalga oshirishni o‘rganishi hamda jangovarlik va texnik jihatdan jihozlanganlik darajasini oshirishda yordam berishi, ko‘proq harbiy mashqlar o‘tkazishi kerakligini belgilab qo‘ygan.

China Daily gazetasining yozishicha, barcha 84 ta yangi tuzilma korpuslar darajasidagi birlashmalardan tashkil etilgan bo‘lib, bu ularning qo‘mondonlari lavozimi oshirilganini anglatadi. Shuningdek gazetaning ta'kidlashicha, yangi harbiy qismlar ko‘p ehtimol bilan hozirgi tarkibni qayta tuzish yordamida tashkil etilgan.

Yangi birlashmalarni yaratish Xitoy qurolli kuchlarini keng ko‘lamli isloh etishdagi muhim qadam bo‘ldi. 

Ayni damda Xitoy o‘z qurolli kuchlari modernizatsiyasi bilan faol ravishda shug‘ullanmoqda. Avvalroq Si Tszinpin texnologik innovatsiyalar “mamlakat armiyasi va milliy mudofaasini mustahkamlashda muhim omil ekani”ni ma'lum qilgandi. Xitoy yetakchisining fikricha, mamlakat Xalq-ozodlik armiyasi kelajagi innovatsiyalar va islohotlarga bog‘liq.

XXR Xalq-ozodlik armiyasi 1927 yilning 1 avgust kuni tashkil etilgan. 2015 yilning sentabrida Si Tszinpin Xitoy 2017 yilning oxiriga qadar o‘z qurolli kuchlari sonini jangovar bo‘lmagan tarkibdan 300 ming kishi hisobiga qisqartirishi haqida e'lon qildi. Biroq shunga qaramay, Xitoy armiyasi dunyodagi eng yirik armiya bo‘lib qolmoqda. Uning tarkibida 2 million kishi bor. 

Top