12:12 / 19.04.2017
25595

Shimoliy Koreya maxsus operatsiyalarni bajaruvchi yangi qo‘shinlarini rasman namoyish qildi

Janubiy Koreyaning "Ryonxap" axborot agentligi 17 aprelda Shimoliy Koreya qurolli kuchlarning yangi turi – son jihatdan Shimoliy Koreya harbiy-havo va harbiy-dengiz kuchlaridan qolishmaydigan maxsus taktik qo‘shinlarni yaratganini ma'lum qildi. Pxenyanda 15 aprelda o‘tgan harbiy paradda ushbu qo‘shinlar harbiylari yuzlariga qora bo‘yoq surtilgan va boshlarida tungi ko‘rish moslamalari bo‘lgan shlemlarda yurib o‘tishgan.

"Ryonxap" mutaxassislarining fikricha, yangi qo‘shinlarning vazifasi Shimoliy Koreya rahbariyatini yo‘q qilishga qaratilgan AQSh va Janubiy Koreya maxsus kuchlariga qarshi turishdan iborat. Ushbu qo‘shinlar parad qatorida ham Vashingtonda shunchalik katta taassurot qoldirdiki, Pentagon Koreya yarimoroliga birdaniga 3 ta aviatashuvchi kema yuborishga qaror qilgan va bunday holat birinchi marta yuz berdi. 25 aprelda "Karl Vinson" atom kemasi, keyinroq esa "Ronald Reygan" (CVN 76) va "Nimits" (CVN 68) kemalari Yapon dengiziga kirib keladi.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Koreya yarimorolini ajratib turuvchi qurolsizlashtirilgan hududga kelganda Vashingtonning Shimoliy Koreyaga nisbatan toqati tugagani aytgandi. 

Koreya yarimorolida yuqori darajadagi tarang vaziyat saqlanib qolmoqda. Amerikaliklar va uning mintaqadagi ittifoqdoshlari Shimoliy Koreya muammosini harbiy yo‘l bilan hal qilish fikridan qaytmayaptilar. Pxenyan ham AQShning zarbasini kutib o‘tirish niyatida emas va maxsus kuchlarning paydo bo‘lishi mutlaq asoslangandir. 

Dunyoning ko‘plab armiyalarida maxsus vaziyatlarni bajaruvchi razvedka va diversion bo‘linmalar mavjud va Shimoliy Koreya ham bundan istisno emas.

Shimoliy Koreya maxsus qo‘shinlarining yaratilishi Pxenyanning katta ko‘lamli loyihasi bo‘lib, o‘zga davlat hududida katta kuchlar va maxsus vositalarni umuman o‘zgacha texnologiyalar bo‘yicha qo‘llashga mo‘ljallangan. Ya'ni AQSh tajovuz qilsa, Shimoliy Koreya qo‘shinlari o‘z vatanidagi okoplarda berkinib o‘tirmay, simmetrik tarzda javob berish, raqibning hududidagi muhim obektlarni yo‘q qilish niyatida.  

Vashington va Seul Shimoliy Koreya tomondan zarba berilishi mumkinligini vaj qilib, Janubiy Koreyada, Seuldan 300 km uzoqlikda THAAD raketalar hujumiga qarshi mudofaa tizimini joylashtirmoqda. 9 tagacha gusenitsali mobil qurilma va 72 ta urib tushiruvchi raketadan iborat bo‘lgan THAAD batareyasi avvalambor Pxenyanni, qolaversa Rossiya va Xitoyni ham xavotirlantirmoqda. Bir qaraganda, raketalar uncha ko‘p emasga o‘xshaydi, uning ta'sir qilish doirasi 200 km dan oshmaydi, biroq bu tizim Shimoliy Koreyaning Pentagonning Janubiy Koreyadagi obektlariga javob zarbasi samarasini kamaytirishi mumkin. THAAD tizimi shuningdek kemalarga, aviatsiyaga nishon koordinatalarini berishi mumkin va mohiyatan, global RQM tizimining bir qismi hisoblanadi. Shubhasiz, bu tizim qattiq qo‘riqlanadi.

Gollivudning Yapon dengizida "Ayova" kemasining terrorchilar tomondan bosib olinishi haqidagi filmi ham AQSh kemalaridan birining Shimoliy Koreya maxsus qo‘shinlari tomonidan haqiqatda bosib olinishi oldida ip esholmay qolishi mumkin. Chunki AQShning harbiy kemalari ekipajlari yaxshi qurollangan va tayyorlangan "qora nindzyalar" bilan qo‘l jangiga kirisha olishi dargumondek tuyuladi.

Mavzuga oid
Top