07:25 / 19.04.2017
11971

Tailandda diniy bayramlar haftaligida 390 odam halok bo‘ldi

Foto:RIA

Tailandda buddaviy oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil – Songkranning bir hafta davomida nishonlanishi vaqtida "xavfli yetti kun" – 11 apreldan 17 aprelgacha yuz bergan 3690 ta yo‘l-transport hodisasida 390 kishi halok bo‘ldi, 3808 kishi yaralandi. Bu haqda mamlakatning ichki ishlar vaziri kotibi Krisada Bunrat jurnalistlarga ma'lum qildi. 

Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan Songkran vaqtida o‘limlar bilan yakunlangan YTH miqdori 12 foizga kamaygan. Bunratning aytishicha, hukumat bunda bayramlar vaqtida harakat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha davlat o‘tkazgan kampaniyaning "muayyan muvaffaqiyatini" ko‘rmoqda. 

2017 yilda Songkran nishonlanishi vaqtida hukumat tomondan YTHlarning oldini olish bo‘yicha misli ko‘rilmagan choralar ko‘rildi. Jumladan, mast holda bo‘lgan haydovchilardan 7 512 ta transport vositasi olib qo‘yilgan. Shuningdek, avtomobildagi barcha yo‘lovchilarning xavfsizlik kamarlarini taqishi majburiy qilingani ham o‘z samarasini bergan. Bungacha Tailandda xavfsizlik kamarini avtomobil haydovchisi va old o‘rindiqdagi yo‘lovchi taqishi majburiy edi.   

Ma'lumotlarga ko‘ra, barcha YTHlarning 43 foizi mast haydovchilar aybi bilan, 28 foizi tezlikni oshirish oqibatida yuz bergan.  85 foiz YTH mototsiklchilar ishtirokida sodir bo‘lgan. Eng ko‘p YTH soat 16.00dan 20.00ga yuz bergan.  

Oxirgi yillarda Tailand YTHdagi o‘limlar bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinlardan birini egallab keladi. Bu mamlakatda eng ko‘p YTH ikki "xavfli hafta"ga – yanvarda Yangi yilning va aprelda Songkranning nishonlanishi vaqtiga to‘g‘ri keladi.

Top