09:24 / 20.04.2017
4902

OAV: Venesuela Tramp inauguratsiyasiga homiylik qildi

Foto:RIA

Venesuela PDVSA kompaniyasining AQShdagi bo‘linmasi Citgo orqali prezident Donald Tramp inauguratsiyasiga 0,5 million dollar miqdorida mablag‘ ajratgan.

Assoshieyted Press ma'lumotiga ko‘ra, bu pullar Trampning lavozimiga kirishish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qilingan korporativ to‘lovlardan biri bo‘lgan. Shu bilan birga, Citgo mablag‘lari Amerikaning Pepsi (250 ming dollar), Walmart (150 ming dollar) kabi yirik kompaniyalari bergan mablag‘dan ko‘proq hamda JP Morgan Chase va Exxon (500 ming dollardan) to‘lovlari bilan bir xil darajada bo‘lgan.

AQSh yangi prezidenti Donald Tramp o‘z inauguratsiyasi bilan bog‘liq xarajatlar uchun rekord mablag‘ – 107 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Trampning inauguratsiya qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, bu 2009 yildagi rekorddan ikki baravarga ko‘p. O‘shanda Barak Obamaning birinchi inauguratsiyasiga 53 million dollar mablag‘ yig‘ilgandi. Ta'kidlanishicha, saylovlar bo‘yicha federal komissiya xarajatlari qoplanganidan so‘ng, ortib qolgan pullar xayriyaga yo‘naltiriladi.

So‘nggi yillarda Venesuela va AQSh munosabatlari bir qadar murakkab bo‘lib turibdi. Ayni damda har ikki davlatda ham elchilar yo‘q, ularning vazifasini vaqtinchalik tayinlanganlar bajarmoqda. 2016 yilning yozida esa Venesuela prezidenti AQShga elchi tayinlash va Vashington bilan munosabatlarni yaxshilashga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid
Top