14:40 / 22.04.2017
111497
Jigarni asrash uchun nimalarni bilish kerak?

Jigar  — inson tanasining muhim ichki a'zosi bo‘lib, kasalliklarga moyil organ hisoblanadi. 19 aprelda nishonlangan Butunjahon jigar kuni munosabati bilan biz ushbu muhim organning kasallanish sabablari, xastalik alomatlari va ularning oldini olish choralari xususida bilib olganimiz maqsadga muvofiqdir. 

Jigar insonning kattaligi jihatidan ikkinchi eng yirik ichki organidir. U ovqat hazm qilish tizimida muhim o‘rin tutadi. Biz iste'mol qilayotgan barcha narsa, hatto dori-darmonlar ham jigar orqali o‘tadi. 

U infeksiyalarga qarshi kurashadi, qondagi qand miqdorini me'yorlashtiradi, zaharli moddalarni yo‘qotadi, xolesterinni nazorat qiladi, oqsillar, ovqat hazm qilishda yordam beradigan o‘t suyuqligini ishlab chiqadi. Inson jigarsiz yashay olmaydi, ammo hayot uchun muhim bo‘lgan organni, ehtiyot choralari ko‘rilmasa, osonlik bilan zararlash mumkin. 

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, jigarning zararlanganini bildiruvchi alomatlar juda kech seziladi. Gepatitning A, V, S turlari, jigar saratoni va sirrozi noto‘g‘ri turmush tarzi, haddan ortiq alkogol va giyohvand moddalar iste'mol qilish, uzoq vaqt mobaynida zararli taomni yeyish, ko‘p o‘tirish va jismoniy yuklamalarning mavjud emasligidan kelib chiqadi. 

Hozirgi vaqtda, afsuski, jiddiy zararlangan jigarni tiklay oladigan malham mavjud emas. Shu sababli ushbu ko‘p vazifalarni bajaradigan a'zo va o‘t pufagi haqida oldindan qayg‘urish zarur. Jigar yetishmovchiligi ro‘y bergan holatda, undan qutulishning birdan bir yo‘li, yangi jigarni ko‘chirib o‘tkazishdir. 

Shunday ekan, o‘z jigaringizni tushunish va u haqda qayg‘urish lozim. Jigar kasalliklari sabablari turlicha, irsiy yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin:
Xususan, 

•  Nosog‘lom turmush tarzi va ovqatlanish 
•  A, V va S yuqumli gepatit kasalliklari
•  Katta miqdorda alkogol ichish va xolesterini yuqori taomni ko‘p tanovul qilish
•  Ikkinchi turdagi qandli diabet bilan bog‘liq vaznning haddan ortiq og‘irligi
•  Semizlik

Jigar kasalliklari va saratoni alomatlari esa quyidagilardir:

•  Ko‘ngil aynishi va qayt qilish
•  Kutilmaganda vazn yo‘qotish
•  Ishtaha yo‘qolishi yoki ozgina taomdan so‘ng to‘yish hissi paydo bo‘lishi
•  Umumiy zaiflik va charchoq alomatlari 
•  Qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida og‘riq (o‘ng tomoni yoki o‘ng kurak ostida)
•  Jigarning kattalashishi (gepatomegaliya)
•  Qorataloqning kattalashishi
•  Qorinda suyuqlik to‘planishi (astsit)

Shunday ekan, jigarim sog‘lom bo‘lsin desangiz, quyidagi profilaktika choralari va maslahatlarga amal qiling:

•  Sog‘lom turmush kechiring va muvozanatli parhezga rioya qiling.
•  Taomingizda barcha mahsulotlar: yormalar, oqsillar, sutli mahsulotlar, sabzavotlar, mevalar va yog‘lar bo‘lsin. Bargli sabzavotlar, brokkoli, rangli karam, sabzi, oddiy karam, olma va yong‘oqlarni ham unutmang. 
•  Yangi mevalar va sabzavotlar, kam yanchilgan bug‘doy noni, guruch va boshqa yormali mahsulotlarni ko‘proq tanovul qiling.
•  Qon quyishga to‘g‘ri kelsa, A, V yoki S gepatitidan zararlanib qolishdan ehtiyot bo‘ling.
•  Shaxsiy tozalikka rioya qiling, hojatdan so‘ng, qo‘lingizni albatta yuving.
•  Safarga chiqqaningizda to‘g‘ri kelgan suvni ichmang.
•  Alkogol, tamaki v giyohvandlardan voz keching.
•  Doimiy ravishda jismoniy mashqlar qiling.

Maslahatlarga amal qilib, doimo sog‘lom bo‘lishingizga tilakdoshmiz. 

Top