12:00 / 23.04.2017
28654

Eng murakkab saylov: Makron putinchi nomzodlarga qarshi

Fransiyada prezidentlik saylovlarining birinchi turi boshlandi. Bu keyingi o‘n yilliklardagi eng mojaroli va natijasini oldindan aytib bo‘lmaydigan saylovga aylandi. Beshinchi respublika davrida (1958 yildan buyon) ilk marta ikkinchi turga chiqish uchun birdaniga 4 nomzodda imkoniyat mavjud.

Prezidentlik uchun 11 nomzod

Davlat rahbarligi kursi uchun 11 nomzod kurash olib bormoqda. Fransiyadagi nashrlar o‘nbittalikni ikki guruhga ajratgan: yetakchilar va autsayderlar. Birinchi guruhda 5 siyosatchi: «En Marche» harakati yetakchisi Emmanuel Makron (22,5—24,5 foiz), Milliy front rahbari Marin Le Pen (22— 23 foiz), «Respublikachilar» ya'ni, o‘ng partiyalar va markazchilar nomzodi Fransua Fiyon (19,5 — 21 foiz), «Bo‘ysunmas Fransiya» harakati yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon (16,5 — 19 foiz) va Sotsialistlar partiyasi vakili Benua Amon (6,5 — 8 foiz).

«Kichik nomzodlar» deb matbuot saylovoldi kampaniyasi davrida o‘tkazilgan so‘rovlarda past natija ko‘rsatgan nomzodlarni belgilagan. Bular «Qo‘zg‘al, Fransiya» partiyasi yetakchisi Nikolya Dyupon-Enyan, «Ishchi kurash» partiyasi vakili Natali Arto, Yangi antikapital partiyasi yetakchisi Filipp Putu, «Birdamlik va jarayon» partiyasi asoschisi Jak Sheminad, markazchi deputat Jan Lasal va Respublika Xalq ittifoqi rahbari Fransua Aselino.

Beshinchi respublika davridagi prezidentlik saylovlari 11-marta o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari 5 yil muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Saylovlarda mamlakatning 18 yoshga to‘lgan fuqarolari ovoz berish huquqiga ega, Fransiyadagi saylovchilarning umumiy soni 47 millionga yaqin. Respublikaning hozirgi prezidenti Fransua Ollandgacha Sharl de Goll, Jorj Pompidu, Valeri Jiskar d'Esten, Fransua Mitteran, Jak Shirak va Nikolya Sarkozi kabi siyosatchilar mamlakat rahbarlari bo‘lgan.

Saylov ikki turda o‘tkaziladi, nomzodlardan biri birinchi turda 50 foizdan ortiq ovoz olsa, u g‘olib deb e'lon qilinadi. Ammo, hozirda buning ehtimoli deyarli nolga teng. Davlat rahbari 7 may kuni o‘tkaziladigan ikkinchi turda ma'lum bo‘lishi oydinlashgan.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00da (Toshkent vaqti bilan soat 11:00) ochiladi va soat 20:00da yopiladi. Shu vaqtdan boshlab ilk natijalar e'lon qilina boshlanadi. 22 aprel kuni Fransiyaning dengiz ortidagi hududlarida prezident saylovi boshlangan (Hind okeanidagi Mayotta va Reyunon orollari, Tinch okeanidagi Yangi Kaledoniya va Uollis hamda Futuna orollari). Shanba kuni Fransiyaning Amerikadagi elchixona va konsulliklarida, G‘arbiy yarimshardagi Gvadelupa, Sen-Marten, Sen-Bartelemi, Gviana, Martinika, Sen-Per va Mikelon, shuningdek Frantsuz Polineziyasida ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Syurpriz ortidan syurpriz

Bu safargi saylovoldi kampaniyasi syurprizlarga to‘la bo‘ldi. Avvaliga 2016 yilning noyabrida muxolifatdagi eng yirik partiya bo‘lmish Respublikachilar partiyasidan Milliy Kengash deputati bo‘lmish Fransiya prezidentligiga nomzod, sobiq bosh vazir Fransua Fiyon praymerizlarda ishonchli ravishda g‘alabaga erisha boshladi. U sobiq prezident Nikolya Sarkozi hamda hukumatning sobiq raisi Alen Jyuppeni ortda qoldirdi.

«Zerikarli» deputat asta-sekinlik bilan oldinga harakatlana boshladi. Uning dasturi boshqalarnikiga qaraganda qat'iyroq edi va u ishonch bilan harakatlanardi. Uni nomzodlar orasidagi «eng rusparast nomzod» deb atay boshlashdi.

Praymeriz yakunida Beshinchi respublika davrida ilk marta amaldagi prezident ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortdi. Olland nufuz bo‘yicha antirekordlarni qayd etib ulgurgandi ham. Fuqarolar Parij va Sen-Denidagi qonli teraktlar tufayli unga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishdi.

Ollandning o‘z nomzodini qo‘yishi so‘l kuchlar nufuzi pasayishiga olib kelishi ham mumkin edi. U shundan so‘ng siyosiy hayotda deyarli ko‘rinmay qo‘ydi, Sotsialistlar partiyasi vakillarining debatlarida ham ishtirok etmadi.

Sotsialistlar nomzodi rolini Manuel Vals o‘ynashi kutilgandi, u shuning uchun mamlakat bosh vazirligidan ketgandi. Ammo u partiyaning boshqa vakillari Benua Amon va Arno Monteburga qarshi tura olmadi. Qolaversa u ishonchdan qolgan Olland hukumati tarkibida bo‘lgani uchun, partiyadagilar unga "yo‘q" deyishdi. Sotsialistlar Benua Ammonga ishonch bildirishdi. Ammo u ishonchni oqlamadi.

Saylovoldi kampaniyasini yetakchilar guruhida boshlagan siyosatchi birinchi turga 9 foiz ishonch bilan autsayderlar safida yetib keldi. Melanshonning aksariyat g‘oyalari tarafdori bo‘lmish Amon ularni YeI bilan yaqin intergatsiyalashuv orqali amalga oshirishni va'da qilgan edi. Biroq ko‘plab saylovchilar ko‘z o‘ngida Yevropa ittifoqi obro‘sining to‘kilib borayotgani Amonning takliflari jozibasiga ham putur yetkazdi. Melanshon saylovchilarining fikrini o‘zgartirish uchun, Amon uning tashqi siyosat dasturini, Suriya urushiga munosabati va ayniqsa, Rossiya bilan yaqinlashish kerak, degan so‘zlarini tanqid ostiga olgan. Biroq Rossiyaga qarshi kartani ishlatish ham Benua Amonga muvaffaqiyat keltirmadi.

Le Penning yetakchiligi va «Penelopageyt»

Saylovoldi kampaniyasi davridagi kutilmagan yana bir jihat so‘rovlarda Milliy front rahbari Marin Le Pen doimiy ravishda yetakchilik qilgani bo‘ldi. Fransiyada bu partiya hamisha o‘ta o‘ng hisoblangan, Jan Mari Le Penning qizi partiya boshqaruviga kelgach, pozitsiya o‘zgarib, o‘ng markazchilarga aylangan.

Le Pen partiyasi kuchsiz bo‘lib (2012 yilda Milliy Kengash uchun saylovda 577 o‘rindan atigi 2 o‘rin olingan), ikkinchi turga nomzodi chiqsada, har qanday raqibga yutqazishi tayin edi.

Fevral oyining ikkinchi yarmida saylovoldi kampaniyasida jiddiy mojaro yuzaga keldi. Fiyonga davlat mablag‘larini sarf qilib yuborish ayblovi qo‘yildi. Canard Enchaine satirik jurnali Fiyon deputatligi vaqtida rafiqasi Penelopa Fiyonni o‘z yordamchisi etib tayinlab, u aslida hech qanday vazifani bajarmagan bo‘lsa-da, unga maosh to‘lagani haqida faktga egaligini da'vo qildi. Senatorlik lavozimida esa u, go‘yoki, shunga o‘xshash vaziyatda o‘z farzandlariga pul to‘lagani gumon qilindi.

Bundan tashqari, u 2015 yil iyunida Peterburg iqtisodiy forumi doirasida livanlik milliarder Fuad Mahzumiyning Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Total bosh direktori Patrik Puyanne bilan uchrashuvini tashkil qilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. 2015 yil boshida livanlikning Future Pipe Industries quvur yasash konsorsiumi sobiq bosh vazirning 2F Conseil konsalting kompaniyasi bilan 46 ming yevro (50 ming dollar)lik shartnoma imzolagan edi. Ungacha ham Putin Fransiyadagi saylovlarda Fiyonga «tikkani» aytilayotgandi.

Bu mojarolar fonida ko‘plab tarafdorlari Fiyondan yuz o‘girishdi, uning so‘rovnomalardagi ko‘rsatkichlari pasaydi, o‘ng kuchlar va markazchilar o‘rtasida uning nomzodini boshqa nomzodga almashtirish so‘rala boshlandi. Fiyoye esa chekinmadi: mart oyi boshida sobiq bosh vazir tarafdorlari Parijdagi Trokadero maydonida ommaviy miting o‘tkazishdi, ko‘p o‘tmay yirik siyosatchilar ham Fiyonni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi, jumladan Jyuppe va Sarkozi ham.

«Penelopageyt» nomini olgan mojaro tinchidi, ammo Fiyon avvalgi nufuzini tiklay olmadi, uning reytingi pasayishi ortidan «top» nomzodlar qatoriga Emmanuel Makron kirib oldi.

Makronning parvozi va Melanshonning «zo‘r berishi»

Bir necha yil oldin uni deyarli hech kim tanimasdi: Makron Moliya vazirligida ishlar, bankir bo‘lgan, keyinroq Yelisey saroyi bosh kotibi o‘rinbosariga aylandi. 2014 yilda u Iqtisodiyot vaziri etib tayinlandi. Faqat o‘shandagina u haqda eshita boshlashadi. Ikki yil o‘tib u hukumatdan chiqdi hamda o‘z loyihasini — «Marshga» harakati («En Marche») rivojlantirishga kirishdi.

Makron saylovlarda so‘l markaz nomzodi sifatida ilgari surildi (bir vaqtning o‘zida u o‘zini ham so‘lchilarga, ham o‘nglarga taalluqli hisoblaydi). U balandparvoz shiorlarni aytishni yoqtiradi, uning jamoatchilik bilan aloqalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi va bu nashrlar Fiyon hamda Le Penga tinimsiz hujum uyushtirgani holda bu «suyukli» nomzodga teginmadi.

Uni raqiblar ham qo‘llab-quvvatlay boshladi. Jumladan Sotsialistlar partiyasi vakillari. Yosh, harakatchan va yoqimtoy nomzod Fransiyaning bo‘lg‘usi prezidenti bo‘lish uchun nisbatan yaxshi imkoniyatga ega.

Prezident bilan munosabatlarini uzgan siyosatchi uning siyosatining asosiy yo‘nalishlarini saqlab qolinishni qo‘llaydi. Fransiya uchun yangilanishlar, Makronning fikricha, kadrlar orqali ro‘y berishi kerak: o‘zining bo‘lajak hukumatida u ayni paytdagi Vazirlar Mahkamasidan biror kishini ko‘rmoqchi emas. Biroq, Makron o‘z dasturi orqali amalga oshirmoqchi bo‘lgan choralar, Olland hayotga tatbiq etayotganidan kam farqlanadi. Xuddi o‘zining sobiq rahbari singari, sobiq vazir 35 soatlik ish haftasining saqlanishini, ta'lim sohasida bandlikni oshirish, byudjyet iqtisodi va mehnat islohotlari saqlanishini istaydi. Mo‘'tadil markazchi Makron — Yevropa integratsiyasi, shuningdek, Germaniya bilan ma'qullangan Rossiyaga nisbatan qat'iy siyosat yuritishning ashaddiy tarafdori. Saylovoldi so‘rovlari Makronga 20–25 foiz ovoz va'da qilgandi.

Tajribali orator, 2012 yilgi saylovda 11 foiz ovozga ega bo‘lgan kommunistlar vakili, «Bo‘ysunmas Fransiya» harakati yetakchisi Jan-Lyuk Melanshon barcha narsada Fiyonning butunlay teskarisidir. Kommunistik partiya tomonidan qo‘llangan nomzod iqtisod qilishga emas, aksincha, ko‘proq xarajat qilishga chaqirmoqda. Melanshon hokimiyat tepasiga kelgudek bo‘lsa mehnatga eng kam haq to‘lash miqdori oshiriladi, xodimlarga yana bir hafta qo‘shimcha ta'til beriladi. Mehnat islohoti va pensiya yoshini oshirish borasidagina Melanshon Marin Le Pen bilan bahslashmagan, xolos.

Qanchalik g‘alati ko‘rinmasin, har ikki siyosatchining halqaro muammolarga nuqtai nazari bir-biriga yaqin. O‘ta so‘l va o‘ta o‘nglar Fransiya Rossiya bilan aloqalarni tiklashi zarurligini, NATOdan uzoqlashib, Suriya urushida Vashingtonga yordam bermaslikka chaqiradi. Melanshon o‘zining saylovoldi kampaniyasi davomida Fransiyaning YeIdan chiqishi haqida ham gapirgan. Biroq millatchilar bilan haddan ziyod yaqinlashayotganligi tanqid ostiga olingan Melanshon Beshinchi respublikani Yevropa ittifoqida saqlab qolish kerakligini ta'kidlagan. U oxirgi haftalardagi yorqin chiqishlari orqali nufuzini keskin oshirdi va favoritlar orasiga kirdi. Melanshon dasturini qo‘llab-quvvatlovchilar saylovchilar 17–18 foizini tashkil etgan.

Terrorizm xavfi ostida

Mojaroli kampaniya davomida nomzodlar o‘z dasturlarida xavfsizlikni ta'minlash va terrorizmga qarshi kurash mavzusiga keng o‘rin ajratishdi. Hattoki ta'lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va atrof-muhit muammolari kabi an'anaviy mavzular ikkinchi planga o‘tib qoldi.

Qolaversa, o‘tgan haftaning chorshanba kuni 11 nomzod ishtirokida o‘tkazilgan so‘nggi teleefir boshlanishidan 1 soat oldinroq Parijdagi Yelisey maydonida politsiyachilarga hujum uyushtirildi. Bu haqdagi xabar yetib kelishi tufayli nomzodlarning ayrimlari chiqishi kutilganidek bo‘lmadi ham.

Makron birinchi bo‘lib chiqish qildi va Parij markazida ro‘y bergan hodisa munosabati bilan fikrlarini bildirib o‘tdi. U xalqaro vaziyat haqida gapirar ekan, terrorizmga qarshi kurash mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham olib borilishi haqida gapirdi. U shuningdek, AQShning Suriyaga raketalar orqali zarba berishini ma'qulladi va Fransiya prezidentiga aylanadigan bo‘lsa, Fransiya «Bashar Asad tuzumining kimyoviy qurollar saqlanadigan omborxonalariga qilinajak hujumlarga qo‘shilishi»ni ma'lum qildi.

«Men bu tahdidga ko‘nikib qolishimizni istamayman. Men bolalarimizga ular har kuni tahdid ostida yashashini aytib yashashimizni istamayman. Biz terrorizmga qarshi hujum rejasini amalga oshirishimiz kerak. Bu mamlakat chegaralaridan tashqarida ham olib borilishi kerak. Biz muammolarning ildizi bilan — radikal ideologiyalar bilan kurashishimiz kerak. Soddalik va beparvolik davri o‘tdi, endi ogohlik va qat'iylik kerak», — deya uning fikrlarini davom ettirdi Le Pen.

Fiyon esa keyingi prezidentning keyingi yillardagi asosiy vazifasi terrorizga qarshi kurash bo‘lishini aytib o‘tdi. «Xalqaro koalitsiya barcha zo‘ravonliklar manbaini yo‘q qilmog‘i lozim. Bular birinchi navbatda IShID, Afrikadagi Boko Haram, Afg‘onistondagi tolibonlar», degan u.

Sobiq bosh vazirning fikricha, hozirda chinakam xalqaro koalitsiya mavjud emas. Bir tomonda G‘arb davlatlari, ikkinchi tomonda Rossiya turib kurashmoqda. Fiyonning ishonch bilan aytishicha, Rossiya Federatsiyasi hamda Eron bilan muloqot olib bormasdan turib, boshqa mamlakatlar terrorchilar ustidan mutlaq g‘alabaga erisha olmaydi.

Rossiya bilan do‘stlikmi?

Fransiya nashrlari kampaniya davomida nomzodlarning Rossiyaga qanday munosabatda ekaniga alohida e'tibor qaratdi. 

13 aprel kuni Express nashri shunday sarlavha bilan chiqish qildi: «11 nomzod, 7 nafari putinchi». Mualliflarning qayd etishicha, Rossiya har qachongidan ham ko‘ra bu safar ko‘proq darajada Fransiyadagi siyosiy jarayonlarga aralashdi. Nomzodlardan 7 nafari ushbu davlat rahbari Vladimir Putinga moyillik bildirgan. Putinchilar sifatida Le Pen, Fiyon, Melanshon, Aselino, Dyupon-Enyan, Lasal va Sheminada nomlari keltirib o‘tilgan.

Marin Le Pen bir necha marta Rossiya bilan aloqalarni yaxshilamoqchi ekanini aytgandi. U shuning ortidan Yevropani xotirjamlikdagi kelajak kutishini ma'lum qilgan. U G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini befoyda deb atagan va Qrimning Rossiya hududi ekanini tan olgan.

Fiyon Rossiya Qrimdan ketishi kerakligini ta'kidlayverish befoyda ekanini aytgan. U bu ish hech qachon sodir bo‘lmasligiga ishonch bildirgan. Shu bilan birga u ushbu yarim orol xalqaro huquqning buzilishi orqali Rossiyaga qo‘shib olinganini inkor etmagan. Sobiq bosh vazir ham Marin Le Pen kabi prezidentlikka saylansa, Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirish niyatida ekanini bildirgan.

Makron Rossiya bilan muloqot o‘rnatishga qarshi emas. Ammo uning pozitsiyasi raqiblarinikidan farq qiladi. Sobiq iqtisodiyot vaziri Rossiya bilan juda ham yaqinlashmoqchi emas va u Fransiyaning tarixiy ittifoqchisi AQSh deb hisoblaydi.

Melanshonning hisoblashicha esa Rossiya Fransiya uchun strategik hamkor, Qrim masalasini esa xalqaro konferensiyalar darajasida muhokama qilmoq lozim. U Qrim Ukraina yoki Rossiya hududi ekanini aniqlash oson ish emasligini ta'kidlagan.

O‘z navbatida Benua Amon so‘l qanotdagi nomzodlar bilan hamfikr emas. Ushbu sotsialist nomzod davlat chegaralari daxlsizligiga xalqaro huquq doirasida amal qilish kerakligini eslatgan. U Rossiyaga nisbatan keskin choralar ko‘rish tarafdori.

Saylovlarning xavfsizlik darajasi

Saylov vaqtida xavfsizlikni ta'minlash uchun 50 mingdan ortiq politsiyachi va jandarmlar, shuningdek, 7 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar safarbar etilgan. Saylovchilar uchun mamlakatda 67 mingta saylov uchastkasi ochilgan. Parisien xabariga ko‘ra, poytaxtdagi 896ta saylov uchastkasidan 400tasiga qo‘shimcha qo‘riqchilar joylashtirilgan.

Saylov oldidan terrorchilarning hujumi yuz bergani olovga yana moy quydi. Shu hafta ichida Fransiya hukumati saylov kuni Marselda terakt uyushtirishni rejalashtirayotgan islomiy guruhni fosh etgandi. Nomzodlardan biri — Fransua Fiyon hujumning qurboniga aylanishi mumkin bo‘lgandi.

Yelisey maydonida ro‘y bergan hodisadan keyin bir qator siyosatchilar shahar meriyasi va prefektura politsiyasini tanqid qilgan va saylov kuni xavfsizlik choralari kuchaytirilishini talab etgandi. 

Teraktlar xavfidan tashqari, namoyishlar va tartibsizliklar yuzaga kelish xavfi ham yuqori darajada. Shanba kuni Parij politsiyasi namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘ldi. Shu kuni 2 ming nafarga yaqin namoyishchi Respublika maydonida to‘planib, Bastiliya maydoniga yo‘l olgandi. Bastiliyada politsiya bilan to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Asosan talaba yoshlar o‘tkazgan bu namoyish ishtirokchilari «siyosiy maskarad» ko‘rinishidagi bu saylovga qarshi chiqish qilishgan.

Bugun kechqurun ko‘chalarga eng agressiv kayfiyatdagi protestantlar chiqib, «Barrikadalar tuni» o‘tkazishi kutilmoqda.

Mavzu
Fransiyada prezident saylovi
11 nafar nomzod Yelisey saroyi uchun kurash olib bormoqda. Fransiya konstitutsiyasiga muvofiq, birinchi turdan so‘ng ikki nomzod qoladi. Ular saylovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi tur 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top