20:09 / 23.04.2017
26227

Isnodga qoldirayotgan ayollar

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, jamiyatning turli jabhalarida ayollarning o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan ezgu amallar yurtboshimiz rahnamoligidagi yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunda ayollarni jamiyatning barcha jabhalari, qolaversa, davlat boshqaruv organlari saflarida ko‘rib, ularning shijoatiga, tashabbuskorligiga yana bir bor tan bermoqdamiz. Bir yelkada oila deb atalgan qo‘rg‘onni, bir yelkada esa mashaqqatli kasbiga bo‘lgan mas'uliyatni baravar ko‘tarib, ulkan yutuqlar sari dadil intilayotgan ayollar sha'niga qanchadan-qancha tahsinlar bildirsak, shuncha oz.

Lekin, ayol nomiga isnod keltirib, uning sha'niga nafrat tuyg‘ularini uyg‘otgan, tubanlik sari yo‘l tutib arzimagan moddiy boylik ilinjida or-nomusi, qadr-qimmatini oyoq osti qilgan ayrim ayollarning qilmishlari kishini o‘yga toldiradi. Nafsining quliga aylanib qolib, oqibatini o‘ylamay qilingan nojo‘ya qilmishlari tufayli bugungi kunda yuzi shuvut bo‘lib, qonun oldida javob berayotgan bu ayollarning jinoyat ko‘chasiga kirib qolganligini qanday baholash mumkin... 

Sattorova Fotima Jahonovna, 1959 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta, oilasidan ajrashgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan sudlangan.

Ayolga xos ibo, hayo, oriyat, poklik kabi tushunchalarni mutlaqo unutgan Fotima Sattorova qo‘shni Turkmaniston Respublikasiga turmushga chiqib, o‘zida oila mas'uliyatini his qilishni istamasdan,  turmush qiyinchiliklaridan cho‘chib, «og‘irning ustidan, yengilning ostidan» yurishga odatlanib, 3 farzandi va 6 nevarasini tashlab o‘zi tug‘ilgan G‘ijduvon tumaniga keladi. Tayinli kasb-kori bo‘lmagan ayol bozorlarda olib-sotarlik bilan shug‘ullanib, bu ishining ortidan topilgan daromadiga qanoat qilmay birovlarni aldab firibgarlik, o‘g‘rilik kabi qing‘ir ishlarni o‘ziga kasb qilib oladi. Dastlab, 2014 yilda sodir etgan o‘g‘rilik jinoyati uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan sudlanib, unga nisbatan amnistiya qo‘llangan va kechirilgan bo‘lsada, hukumatimizning bunday g‘amxo‘rligidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay, jinoyat ko‘chasi tomon yana darbadar kezaverib, o‘zining ayol ekanligini unutib qo‘yadi. 

Endi u yoshiga yarashmaydigan xunuk qiliqlari bilan or-nomusni unutib, ko‘cha kuyda daydib, bozorlar rastalari, bekatlarda tunab, shu tarzda odamgarchilik qiyofasidan borgan sari uzoqlashadi. Keyinchalik farzandlari uzoq muddatga chet ellarga ketgan, yolg‘iz yashaydigan qari, yordamga muhtoj ayollarni kuzatar, ularga yordam berish, bozor-o‘charlariga, yumushlariga ko‘maklashish bahonasida ular bilan tanishib, beozor mushukdek mehr ko‘rsatar, shu tariqa, ularning ishonchiga kirib ba'zida uylarida tunab qolar edi.

Kogon shahar Mahmud Tarobiy ko‘chasi 45-uyda yashovchi Yevgeniya Gluxova bir necha yillardan buyon yolg‘iz o‘zi umr guzaronlik qiladi. 80 yoshni qarshilagan onaxon nafaqa pulini olgandan so‘ng Kogon shahar Markaziy bozoriga borib, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib, ikki sumkani ko‘targancha bozordan chiqsa, unga mehribonlik bilan «Yordam kerak emasmi» deya notanish bir ayol murojaat qiladi. Darhol qo‘lidan sumkalarini olib, onaxonni mushkulini oson qilishga kirishgan Fotima Sattorova o‘zini «Muhabbat» deb tanishtirib, onaxonni ko‘p yillardan buyon tanishini, o‘zi uning uyiga yaqin joyda yashashini, «yo‘limiz bir ekan, sizni uyingizgacha kuzatib qo‘yaman»  deb aytib, yo‘l-yo‘lakay mug‘ombirlik bilan soxta iltifot ko‘rsatib Yevgeniya Gluxovaning ishonchiga kiradi. Ular Gluxovaning uyiga yetib kelgach, Fotima Sattorova kampirga chanqaganligini aytib, ichish uchun suvmi yoki choymi chiqarib berishini so‘raydi. Onaxon esa, ochiq chehra bilan uni uyiga taklif qilib, bir oz dam olib ketishi mumkinligini aytadi. Bu taklif Fotima Sattorovaga moydek yoqib tushib, ular birgalikda tushlik tayyorlab, o‘zaro tanishuv davomida yanada inoqlashib, uzoq o‘tiradilar.

Fotima Sattorova yolg‘iz yashaydigan kampirning uyiga tez-tez oyoq chiqaradigan, ba'zida uning uyida tunab qoladigan, ketar chog‘i onaxondan yo‘lkira va xarajatlari uchun «qarz berib turing» deya turli miqdordagi pullar oladigan odat chiqarib, kampir bilan opa-singil tutinadilar. Ammo, qalbi toza qari onaxon Fotima Sattorovaning «olasi ichida» ekanligini, uning niyati buzuq «chapdast» ekanligini hech ham payqamaydi.        

Muradova Nazira Xolovna, 1964 yilda Navoiy viloyati Navoiy shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta-maxsus, oilasidan ajrashgan, muqaddam 3 marotaba sudlangan.

Navoiy viloyati Tibbiyot Birlashmasida bir vaqtlar hamshira bo‘lib ishlagan, ammo,  «ko‘zi och»lik qilib, nafs balosiga yo‘liqqan, o‘g‘rilik, firibgarlik kabi jinoyatlarga qo‘l urib oq xalatiga qora dog‘larni tushirgan bu ayol avvalida ishxonasidan haydaladi. Keyin esa, oilasidan ajraladi. Muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun 3 marotaba sudlangan bo‘lishiga qaramay, «o‘rtangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» deganlaridek, yana takror o‘g‘riliklar sodir etib, birovni aldash, ishontirish orqali mol-mulklarini qo‘lga kiritishni kanda qilmadi.    
 
«O‘xshatmasdan uchratmas» deganlaridek, Nazira Muradova ko‘cha kezib, daydilik qilib yurgan kunlarining birida Fotima Sattorova bilan tanishib qoladi. «Loyi bir joydan olingan ekanki» ikkala nobakor ayollar qisqa vaqt ichida xuddi ming yillik dugonalardek til topishadilar. 
 
Nazira Muradova dugonasi Fotima Sattorovaga moddiy jihatdan qiynalayotganligini, unga pul kerakligini aytib qo‘ng‘iroq qiladi. Fotima Sattorova esa, unga hozirda Buxoro shahrida ekanligini, bir amallab yetib kelsa so‘ragan pulini berishi mumkinligini aytadi. Ular Buxoro shahridagi Karvon bozorida uchrashib birga ovqatlanadilar. O‘zaro suhbat davomida Fotima Sattorova jonajon dugonasi Nazira Murodovaga Kogon shahrida yolg‘iz o‘zi yashaydigan qari kampirni topganligini, uning nafaqasidan yig‘ib qo‘ygan pullari borligini aytib, Nazira Murodovani navbatdagi shum rejalarini amalga oshirishga undaydi. Kun allamahal bo‘lganida Fotima Sattorova Nazira Murodovani o‘zi bilan birga har doimgi boradigan manzili, Gluxova Yevgeniyaning uyiga yetaklab boradi. 

Chaqirilmagan mehmonlarning tashrifidan boshi osmonga yetgan onaxon ularni ichkariga taklif qilib, dasturxon yozadi, bisotida bor bo‘lgan jamiki yeguliklarni tortiq qiladi. Kampirning uyida yangi yil bayramidan qolgan spirtli ichimliklarga ko‘zi tushgan dugonalar barcha shashalarni dumalatib, tuni bilan rosa vaqtichog‘lik qiladilar. Piyanistalar kampirga bu kecha borar manzillari yo‘qligini, agar ruxsat bersa, uning uyida tunab qolishlarini aytadilar. Kampir yolg‘iz o‘zi yashashi bois rozilik bildirib, ularning dam olishlari uchun joy hozirlaydida, o‘zi ham ko‘ngli xotirjam holda uxlab qoladi.    

Kampirning qattiqroq uyquga ketishini kutgan ikkala buzuq niyatli mehmonlar tunning ikkinchi yarmida o‘zlarining «mahoratlarini ishga solishib», «bir oyog‘i yerda, biri esa go‘rda bo‘lgan bu kampir buncha mol-dunyoni nima qilarkin», deya uyning har bir nuqtasini obdon titkilab, yotoqxonada turgan javondan Gluxovaga tegishli bo‘lgan 1 million 400 ming so‘m naqd pullari, 2 ming Rossiya rublini qo‘lga kiritadilar. Bu ham yetmaganidek, nazari past nomussizlar kampirning kiyim-kechaklari, atir-upalari, turli xildagi matolar, hattoki, oziq-ovqat mahsulotlariga ham ko‘z olaytirib, bir zumda uyni ship-shiydon qilib chiqib ketadilar. 

Yevgeniya Gluxova ertalab uyg‘onib qarasa, uyda hech kim yo‘q, sho‘rlik kampir shunda ham andisha qilib, «mehmonlarim shunaqangi farosatliki meni bezovta qilmasdan ertaroq chiqib ketibdi» deb o‘ylab bamaylixotir yotoqxonaga kiradi. U yerdagi holatdan esankirab qolgan kampir «mehmonjonlar»i uni allaqachon tunab ketganligini payqaydi. 

Bo‘lib o‘tgan voqeadan xabar topgan Kogon shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari zudlik bilan tezkor tadbirlarni ishga solib, Yevgeniya Gluxovaning bergan ko‘rsatmalari asosida har ikkala ayollarning fotorobotlari tayyorlanib, «tirriq buzoqlar somonxonagacha yetar-yetmas» qo‘lga olinadi. Ularning har biriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi, «v», «g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qilmishlariga yarasha jazoning muqarrarligi ta'minlandi.

Donishmand demishkim, jundan kuya, guruchdan mita, yog‘ochdan qurt, tuproqdan sho‘r chiqadi. Odamzodning bulog‘i bo‘lmish ayoldan-chi? Yaxshi insonga ham, yomoniga ham sut bergan ona-ayol-ku! Ayol beshikni, bola dunyoni tebratar, degan gap bejiz aytilmagan. Dunyoni tebratishga qodir bola tug‘ib tarbiyalaydigan, kamolga yetkazadigan ayol zimmasiga nechog‘lik buyuk mas'uliyat yuklanganligini anglash mushkul emas. 

Taassufki, oramizda odamiylikdan uzoq, dunyoqarashi tor, ma'naviyati kemtik, mehr-muhabbat, insof, diyonat, poklik, or-nomus, uyat va andisha kabi ezgu tushunchalarni tepkilab o‘tayotgan ayol qiyofasidagi zararkunandalar uchrab turibdi. 

Olamda jamiki jonzotlar orasida faqat odamzodgina yaratgan parvardigorning marhamati, o‘ziga xos sifatlari bilan ziynatlangan. Inson ezgulikdan lazzatlanadi, yovuzlik, tubanlik va illatlardan nafratlanadi. Yaxshilik kurtaklari barq urgan ko‘ngil sohiblari hamisha o‘z murodlariga yetadilar. Ammo, g‘araz niyatli, yovuz va nopok kishilarning borar manzillari faqatgina so‘ngsiz pushaymonlik, afsus va nadomad... 

Baxtiyor Raxmatov 
kapitan
Buxoro viloyati IIB 

Top