22:34 / 24.04.2017
10957

O‘zbekistonda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi

Aholi hamda ijtimoiy soha obektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishda issiqlik va issiq suv ta'minoti bo‘yicha uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish eng muhim omillardan biri sanaladi.

Mamlakatimizda markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimi 1950–1970 yillarda ochiq suv taqsimoti hamda bino va inshootlarning isitish tizimlarini issiqlik tarmoqlariga ulash sxemasi asosida tashkil qilingan.

Montaj qilishda kam mablag‘ sarflanadigan, ammo foydalanishda katta miqdorda mablag‘ talab qiladigan bunday markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimlarining o‘ziga xosligi ichki isitish tizimi va issiqlik tarmoqlari quvurlarining xizmat qilish muddati qisqaligi, issiqlikni ishlab chiqarish, transportirovka va iste'mol qilishda ekspluatatsiya xarajatlarining yuqoriligi, tarmoqlar orqali suv uzatish va issiqlik quvvati ta'minotida belgilangan me'yordan ortiq mablag‘ sarflanishi bilan ifodalanadi.

Bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlarning o‘ta eskirgani sababli, mavjud issiqlik ta'minoti tizimida issiqlik manbalaridan maqbul darajada foydlanishning imkoni bo‘lmayapti, bu esa issiqlik ta'minoti korxonalari faoliyatiga, iste'molchilarni issiqlik xizmati va issiq suv bilan ta'minlash sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Markazlashtirilgan issiqlik ta'minotidan uzilgan ayrim ko‘p xonadonli uylar ko‘pincha sertifikatga ega bo‘lmagan va yong‘in xavfsizligi kafolatlanmagan gaz va elektr uskunalari bilan isitilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018-2022 yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida»gi qarori iste'molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta'minlash, issiqlik ta'minoti tizimini zamonaviy tejamkor va kam energiya sarflaydigan texnologiyalarni joriy etish asosida yangilash va modernizatsiya qilish, yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan mamlakatimizda issiqlik ta'minoti tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:

- issiqlik ta'minoti tizimiga energiya va resurs tejaydigan yangi texnologiya va uskunalarni, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;

- ko‘p xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa obektlarning markazlashtirilmagan issiqlik ta'minoti tizimini energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta'minot tizimini o‘rnatish orqali rivojlantirish;

- jismoniy va ma'naviy eskirgan, tejamkor bo‘lmagan qozonxona agregatlarini, ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, almashtirish;

- energiya resurslari iste'moli va ishlab chiqarilishini me'yor bo‘yicha hisoblashni amalda qo‘llash, iste'molchilarni hamda issiqlik ta'minoti xizmatlarini hisoblash va to‘lovlarni amalga oshirishga avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy qilish.

Qarorda 2018–2022 yillarda markaziy qozonxona, issiqlik tarmoqlari, mahalliy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan, jumladan, gelioqurilmalarni qo‘llash orqali mahalliy qozonxonalar qurish, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik ta'minoti tizimini o‘rnatish parametrlari, shuningdek, issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Ushbu qarorda Dasturning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mas'ul etib, shuningdek, issiqlik ta'minoti xizmatlari ko‘rsatish (ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va iste'mol qilish)ning barcha bosqichlari inobatga olingan holda loyihalarni amalga oshirishga kompleks yondashuvni ko‘zda tutuvchi Issiqlik ta'minoti tizimini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish belgilandi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, pudrat tashkilotlari mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Qarorda mahalliy qozonxonalar va xonadonlar ichidagi yakka tartibdagi issiqlik ta'minoti tizimining energiya samaradorligi bo‘yicha shaharsozlik me'yor va qoidalarini ishlab chiqish, bino va inshootlar loyihasida ularga quyosh kollektorlari o‘rnatishni nazarda tutish, shuningdek, quyosh kollektorlarini tayyorlash, sinovdan o‘tkazish va qo‘llashga doir davlat standartlarini ishlab chiqish belgilangan.

Shuningdek, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab mamlakatimizda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda o‘rnatiladigan ichki issiqlik ta'minoti tizimlari ishlab chiqarishni tashkil qilish hamda ularni Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga kiritish nazarda tutilgan.

Mazkur qarorning ijro etilishi:

birinchidan, shahar va tuman markazlarida issiqlik ta'minoti tizimini tubdan yaxshilash, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulay sharoitlar yaratish;

ikkinchidan, barcha toifadagi iste'molchilarni issiqlik energiyasi va issiq suv ta'minoti bilan ta'minlash;

uchinchidan, samaradorligi yuqori bo‘lgan qozonxona va nasos uskunalarini o‘rnatish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash hisobidan tabiiy gaz va elektr energiyasini tejash imkonini beradi.

Top