10:09 / 24.04.2017
19983

Tahlilchilar Shimoliy Koreya AQSh va Janubiy Koreya raketalari oldida ojizligini aytishmoqda

Shimoliy Koreya hokimiyatga Kim Chen In kelgandan keyin raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralarga qaramasdan, Janubiy Koreya va AQSh raketalarini urib tushirishga imkoniyati yo‘q. Bu haqda Janubiy Koreyadagi Kyonsan-Namdo viloyati universitetining Uzoq Sharq masalalari instituti tahlilchilarining 24 aprelda chop etilgan xulosalarida aytilgan.

"Ryonxap" axborot agentligining ma'lum qilishicha, ushbu ma'lumotlar "Shimolning yadroviy va raketa dasturlari haqidagi ma'ruza" deb nomlangan hujjatda keltirilgan.  

Mutaxassislarning fikricha, Shimoliy Koreya ayni vaqtda unda mavjud bo‘lgan RQM tizimlari bilan AQSh va Janubiy Koreya bergan raketa zarbalariga qarshilik ko‘rsata olmaydi.

Axborot agentligining ta'kidlashicha, ma'ruza Janubiy Koreya qurolli kuchlari "Kill-Chain" deb nomlangan, Shimoliy Koreyaga ogohlantiruvchi zarba berish tizimini ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan bir paytda chop etildi. Bu tizim 2022 yilgacha tayyor bo‘ladi. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Shimoliy Koreya Pxenyanni va asosiy harbiy bazalarini raketa zarbalaridan himoyalash tarmog‘ini 1950-1953 yillardagi Koreya urushi tajribasidan kelib chiqib qurgan.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda Shimoliy Koreya 30 km gacha ucha oladigan "yer-havo" turidagi 179 ta SA-2  raketasi, 150 km ta'sir doirasiga ega 38 ta SA-5 raketasiga ega. Shuningdek, Shimoliy Koreyada 15 km gacha ucha oladigan SA-3 raketalari ham mavjud.

Janubiy koreyalik mutaxassislarning aytishicha, bu raketalar o‘tgan asrning 50- va 60-yillarida ishlab chiqilgan va AQShning "Petriot" – PAC-2 tizimlaridan ko‘rsatkichlar bo‘yicha ancha ortda qoladi. Ayni vaqtda Shimoliy Koreya o‘z raketalarini modifikatsiya qilish va o‘ziyurar pusk qurilmalarini yaratishga harakat qilmoqda.

"Hozircha Shimoliy Koreya AQSh va Janubiy Koreya raketa zarbalaridan mustaqil himoyalana oluvchi vositalarga ega deyish qiyin", deb aytdi mutaxassislardan biri.

Avvalroq ma'lum qilingandek, Janubiy Koreya Shimoliy Koreyadagi muhim obektlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan "dengiz-yer" turidagi yangi taktik raketalarni yaratish ishlarini yakunlagan va keyingi yildan ularni ishlab chiqarishni boshlaydi. Ta'kidlanishicha, bu raketalarning jangovar kallagi zirhli texnikani va ikkita futbol maydoniga teng hududdagi barcha narsani yo‘q qilishga qodir.  

Shimoliy Koreya esa, kerak bo‘lsa o‘zi AQShning Janubiy Koreya va Yaponiyadagi bazalariga hamda harbiy kemalariga zarba bera olishini ta'kidlab keladi. Shimoliy Koreya yaqinda o‘tkazgan sinovlar uning ballistik raketalari Yaponiya sohillarigacha yeta olishi mumkinligini ko‘rsatgan. Shimoliy Koreyaning ta'kidlashicha, bu raketalar AQSh hududigacha ham yetib borishi mumkin. 

Mavzuga oid
Top