19:09 / 25.04.2017
9190

OChL. «Lokomotiv» Toshkentdagi uchrashuvda 4ta gol o‘tkazdi

Toshkentning «Lokomotiv» klubi Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichi, 5-turida Saudiya Arabistonining «Al Taavon» klubini qabul qildi.

Uchrashuvda mezbonlar 3:1 hisobidagi ustunlikni saqlab qola olishmadi. Jamoaning tajribali hujumchisi Marat Bikmayev amalga oshirgan het-trik jamoaga yordam bermadi va yakunda 4:4 hisobidagi durang qayd etildi.

18-daqiqasida saudiyaliklar hujumchisi Abdulmajid al-Suvat hisobni ochdi, 3 daqiqa o‘tib Marat Bikmayev muvozanatni tikladi.  

31-daqiqada «Al Taavon» futbolchisi o‘z jarima maydonchasida Jaloliddin Masharipovni yiqitgani uchun hakam saudiyalikar darvozasi tomon penalti belgiladi. 11 metrlik jarima zarbasini amalga oshirgan Marat Bikmayev mo‘ljalda adashmadi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

38-daqiqada esa «Al Taavon» foydasiga penalti belgilandi. Saudiyaliklar sardori tomonidan berilgan zarbani Ignatiy Nesterov qaytardi. Tanaffusgacha 2:1 hisobi saqlanib qoldi.

Ikkinchi bo‘limning ilk daqiqalarida Marat Bikmayev uchinchi golini urdi. Ammo mezbonlar 65 va 69-daqiqalarda o‘z darvozasidan ketma-ket gol o‘tkazib yubordi hamda hisob 3:3 ko‘rinishiga keldi.

81-daqiqada Jaloliddin Masharipov reyd uyushtirib, hujumni o‘zi yakunladi va hisob 4:3.

Ammo o‘yin yakunida Rikardo Machado standart vaziyatdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi – 4:4.

Mazkur natijadan keyin «Lokomotiv» hisobidagi ochkolar soni 5 taga yetdi va jamoa guruhda so‘nggi o‘rinda qoldi. «Al Taavon»da ham 5 ochko, ammo o‘zaro o‘yinlar natijasiga ko‘ra saudiyaliklar jamoasi 3-pog‘onada joylashdi.

OChL–2017. A guruhi, 5-tur
«Lokomotiv» – «Al Taavon» 4:4 (2:1, 2:3)
Gollar: Marat Bikmayev (21, 31, 47), Jaloliddin Masharipov (81) – Abdulmajid al-Suvat (18), Jihon al-Hussayn (65), Alassan N’Diayye (69), Rikardo Machado (90)
«Lokomotiv»: Ignatiy Nesterov, Bobur Yo‘ldoshev, Kaxi Maxaradze, Ikrom Aliboyev, Marat Bikmayev, Sardor Mirzayev (Murod Bobojonov, 85), Timur Kapadze (Salim Mustafoyev, 75), Islom To‘xtaxo‘jayev, Oleg Zoteyev, Diyor Turopov (Quvondiq Ro‘ziyev, 67), Jaloliddin Masharipov.
«Al Taavon»: 22.Fahad al-Shammari, Abdulla Kano, Rikardo Machado, Jihod al-Hussayn, Muhammad Abusabaan (al-Baraka, 46), Naif Musa, Mahmud Muaz, Alassan N’Diayye, Said al-Dosari, Luchian Sanmarten (al-Sairi, 63), Abdulmajid al-Suvat.
Ogohlantirishlar: Marat Bikmayev (42) – Naif Musa (7).

Top