22:17 / 25.04.2017
36057

Sayyora Rashidova: “Otam haqida xotira yozishga jur'atim yetmaydi”

Toshkentning Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi ko‘p qavatli oddiy bino: O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti. Qabulxonadagi yozuvni o‘qiyman: «Direktor, akademik Sayyora Rashidova».

Savollarni yodimda takrorlarkanman, tuyqus eshik ochilib, xayollarim bo‘lindi. O‘girilaman, biroq birinchi bo‘lib salom berishga kech qoldim. Opaning xush muomalasi va samimiyati hayajonni bosadi. Opa kamtar, sodda, ziyoli. Beixtiyor Sharof Rashidovning surati ko‘z o‘ngimda gavdalanadi: «Otasining qizi».

Shu bois oldindan tayyorlangan savollar esimdan chiqdi. Aslida samimiyat qudrati oldida har qanday o‘ylab topilgan narsa ojizdir.

Sayyora opa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 27 martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarorini o‘qib, ko‘nglingizdan qanday o‘ylar kechdi?

– Faqat shukronalik, quvonch. Chunki xalqimizga mansub go‘zal fazilat bor: biron kishi ota-onangizni maqtasa, unga rahmat aytsa, ko‘nglingiz tog‘day ko‘tariladi. Hayot yanada mazmunli, rangin va charog‘on ko‘rinadi. Davlatimiz rahbari, butun xalqimiz otamga shunday yuksak e'zoz va ehtirom ko‘rsatayotgani – biz uchun cheksiz baxt.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu qarorini nafaqat oilamiz, balki otamni yaqindan bilgan insonlar, butun xalqimiz katta xursandchilik bilan qarshi oldi, desam yanglishmayman. Otamning ruhi shod bo‘layotganiga aminman.

Davlatimiz rahbari taklifi bilan Oliy Majlis Senatining qaroriga muvofiq Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berildi. Bu zaminga ota-onamning, mening kindik qonim tomgan. Mazkur tumanda otam xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmuasi barpo etilib, u kishining haykali o‘rnatilishi, Jizzax shahrida memorial uy-muzey tashkil etilishi qalbimizni quvonchga to‘ldirdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Sharof Rashidov nomi to‘la-to‘kis oqlanganiga ham, mana, chorak asr bo‘ldi. O‘sha tarixiy kunlarni tez-tez eslab tursangiz kerak.

– Albatta, u kunlarni unutib bo‘larkanmi? Islom Karimov respublikamizga rahbar bo‘lgan birinchi kunlardanoq xalqimizga qilingan tuhmat va nohaqliklarga qarshi kurashdi, jasorat bilan haqiqatni tikladi: «paxta ishi» bilan ayblanib, nohaq qamalgan yuzlab insonlar ozodlikka chiqdi, xalqimiz nomi poklandi. Bu xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamladi.

1992 yil kuzida Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligini katta bayram qildi. O‘sha tantanada nutq so‘zlagan Birinchi Prezidentimizning mana bu gaplari bugun ham qulog‘imda jarang sochib turibdi: «Istiqlol kunimizga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Ko‘pgina ajdodlarimiz kabi Sharof Rashidov ham mustaqillik kuniga yetib kelolmadi. Biz bugun to‘liq ishonch bilan ayta olamizki, Sharof Rashidov mustaqillik poydevoriga munosib g‘isht qo‘ya olgan arboblardan edi».

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 18 noyabrda Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida «Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sharof Rashidov o‘z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi», deb ta'kidlagani, otam tavalludining bir asrlik to‘yini nishonlashni taklif etgani bu ezgu ishlarning munosib davomi bo‘ldi.

Ezgulikning javobi faqat ezgulikdir. Chunki har qanday farzand uchun ota-onasi chirog‘ini yoqish – muqaddas burch. Sharof Rashidov ruhini nainki avlodlari, balki butun xalqimiz shod etayotgani bizni g‘oyat quvontiradi.

– Bugun 35-40 yoshga kirgan insonlar ham Sharof Rashidovni ko‘rmagan. Sizning xotiralaringiz barchaga qiziq. Xotiralar yozganmisiz?

– Yo‘q, yozmaganman.

– Nima uchun?

– Jur'atim yetmagan. Chunki men xotira yozsam, uni ko‘pchilik mutlaq haqiqat sifatida qabul qiladi. Lekin ularda otamning barcha fazilatlarini to‘la tasvirlay olmasam, o‘zimni hech qachon kechirolmayman. Chunki bu dunyoda barcha narsa nisbiy, Sharof Rashidovga bag‘ishlangan xotira uning fenomeniga mos bo‘lishi kerak.

Keyin bunday xotiralar bilan, qaysidir ma'noda, xuddi maqtanganday bo‘lib qolaman-da. To‘g‘ri, hamisha otam bilan faxrlanganmiz, biroq u kishi bilan maqtanishdan hamisha yiroq bo‘lganmiz. Chunki otamning o‘zi bizga shunday tarbiya bergan.

– Sharof Rashidovning qizi bo‘lish sizga nimani anglatadi?

– Avvalo, mas'uliyatni, odamlarga foyda keltirishning shaxsiy manfaatlardan ustunligini. Bunga yana mehnatkashlik, o‘qimishlilik, professionallik, kamtarlik, halollik, pokizalik, so‘z va ish bir bo‘lishiga intilishlarni ham jamlash mumkin. Chunki bu hayotda har bir inson topgan va boy bergan barcha narsa, avvalo, oilasida olgan tarbiyasi mahsulidir. Men va uka-singillarim doimo ota-onamga munosib bo‘lishga harakat qilib yashadik. Bugun ham shunday.

Hozir ham otamning nigohlarini juda-juda yaqindan his qilib turaman. Nimaiki o‘ylamay yo bajarmay, «bunga otam qanday munosabatda bo‘lardi?», degan savol, albatta, ongimning bir chetida qoyim turadi. Aynan mana shu xislat menga doim ezgulikka intilib yashashda katta quvvat bag‘ishlaydi.

– Sharof ota hayotda qanday inson edi? Otangiz portretiga qanday chizgilar bergan bo‘lardingiz?

– Otam, tom ma'noda, o‘zbek bo‘lgan: xalqimizga mansub barcha fazilat unda mujassam edi. Bu doim yuzida balqib turardi – juda fayzli, farishtali inson edi. Biror marta baqirib gapirgani yo so‘kinganini bilmayman. Qiyinchiliklar girdobida katta bo‘lgani uchun hayot va inson qadrini juda teran anglardi.

1942 yili Ikkinchi jahon urushida og‘ir yarador bo‘lib, yurtga qaytgan. Bir yildan so‘ng men dunyoga kelganman.

Otam – oilamiz uchun hamisha ideal inson bo‘lgan. Chunki ko‘z o‘ngimizda har tomonlama yuksalib bordi: gazeta muharrirligidan respublikamizning birinchi rahbari darajasiga ko‘tarildi, uning ongi, dunyoqarashi, ma'naviyati ham shunga mos yuksaldi. Qaysi lavozimda ishlamasin, o‘zgarmadi – o‘sha-o‘sha samimiyligicha qoldi.

– Otangizning o‘ziga xos tarbiya usullari qanday bo‘lgan?

– Oilamizda yozilmagan, lekin qandaydir qat'iy tizim bor edi. Otam bizning ta'lim-tarbiyamiz haqida onamdan so‘rab-surishtirardi. Do‘stlarimiz kimligi, fanlarni qanday o‘zlashtirishimiz, nima kitoblar o‘qiyotganimiz, uyga kim kelib-ketayotganigacha qiziqardi. So‘ng har birimiz bilan ko‘nglimizga mos gaplashardi. Albatta, talabchan edi, biroq jazolashga shoshilmasdi. Deylik, farzandlariga bir narsani qat'iy buyurmas, balki taklif sifatida aytardi. Fikrlashga undardi. Biz uni bajonidil qo‘llab-quvvatlardik. Otam bizdan xursand bo‘lishi, g‘ururlanishi uchun barchasiga tayyor edik.

Onam Xursandoy aya juda ziyoli, o‘qimishli, kamtar, mehribon, oilasiga sadoqatli ayol edi. Garchi oliy ma'lumotli bo‘lsa-da, u davlat ishidan ko‘ra, oilani tanlagan. Chunki oilamiz kichkina emasdi, farzandlardan tashqari boshqa qarindoshlarimiz ham biz bilan yashardi.

Kechki ovqatdan so‘ng otam onam bilan ancha gaplashib o‘tirardi. Birga sayr qilardi. Bu suhbatlar asosan oila, farzand-nevaralar tarbiyasi, adabiyot, hayot mazmuni haqida bo‘lgan. Onam yetim o‘sgani uchun otamga qattiq suyanardi. Ikkisi bir umr bir-birini qo‘llab-quvvatlab yashadi. Agar mendan «Sharof Rashidov qanday qilib bunday yuksaklikka erishgan?», deb so‘rashsa, «avvalo, oilasida barcha narsa joyida bo‘lgan, uning o‘ziga munosib oqila, dono va go‘zal rafiqasi bo‘lgan», deb javob berardim.

– Otangiz O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lganda, siz 16 yoshda edingiz. Tabiiyki, bu vaqt oralig‘ida Jizzax, Samarqand va Toshkent shaharlarida ko‘chib yashagansizlar, maktablar, do‘stlar o‘zgarib turgan.

– Bu borada oilamizda tushunmovchilik bo‘lmagan. Chunki onam bizni hamisha otamizga cheksiz hurmat ruhida ulg‘aytirgan. Bilasizmi, otam Oliy Kengash raisi, respublika rahbari bo‘lgan paytida ham maktabdagi ota-onalar majlisiga borardi. Hamisha shunga vaqt topardi, hafsala qilardi.

– Qanday oilaviy an'analaringiz bo‘lgan?

– Avvalo, kitobxonlik: kattagina oilaviy kutubxonamizdan tashqari har birimizning alohida shaxsiy kutubxonamiz bo‘lgan. Otamning ijodxonasida ham, yotoqxonasida ham doim kitob bo‘lardi. Yangi chiqqan badiiy asarlarni talashib o‘qirdik, bahslashardik, muhokama qilardik.

Yana bir an'ana: otam qaysi lavozimda ishlamasin, onam kechga yaqin barchamizga eng ohorli kiyimlarimizni kiydirib, otamni kutib olishga tayyorlardi. Ishdan charchab kelgan otamning kayfiyatini ko‘tarish, uni xursand qilish uchun barchamiz harakat qilardik. Otam uyga kelishi bilan bayram bo‘lib ketardi.

Qarorgohdagi mo‘'jaz kinoteatr ham esimda qolgan: yangi kinofilmlarni oilaviy tomosha qilardik. So‘ng otam har birimizdan taassurotimizni, fikrimizni so‘rardi.

– Tariximizdan ma'lum: davlat rahbarlari kelin olish yo qizini turmushga uzatishni davlat ishi bilan baravar qo‘ygan. Sharof Rashidovning bu borada qanday qarashlari, qoidalari bo‘lgan?

– Otam zamonaviy, shu bilan birga qadriyat va an'analarimizga sodiq inson edi. Qizlarini turmushga uzatishda, birinchi navbatda, o‘z fikrimizni inobatga olgan. Asosan o‘qimishli, ziyoli oilalar bilan quda bo‘lgan. Masalan, men O‘zbekistonda falsafa maktabiga asos solgan akademik Ibrohim Mo‘minov oilasiga kelin bo‘lganman. Turmush o‘rtog‘im bilan tanishib, oila qurganmiz. Yoki singlim Svetlana o‘z sinfdoshiga turmushga chiqqan. Darvoqe, uning o‘g‘li – eng kichik jiyanimning ismi ham Sharof.

– Hukumat shifoxonasi sartaroshi Misrxay Yairov bir intervyusida «Sharof Rashidov to‘y-ma'raka o‘tkazsa, menga ham taklifnoma yuborardi», degan. Sharof ota oddiy sartaroshga shunday iltifot ko‘rsatgan bo‘lsa, demak, u kibrini yenggan inson bo‘lgan, deb o‘ylayman.

– Ha, otam odamlarning mansabiga emas, qalbiga qarab muomala qilardi. Shu bois juda ko‘p oddiy odamlar bilan yaqin bo‘lgan. Chunki ulardagi samimiyat, oqko‘ngillikni qadrlagan. Deylik, oilaviy arxivimizda bog‘bon, oshpaz, qo‘riqchilar birga tushgan suratlarimiz ko‘p. Ularni hamisha o‘z oila a'zomiz deb bilardik. Bu surat markazida, albatta, otam bo‘lardi.

– Sharof Rashidov avlodlari qaysi kasblarni tanladi?

– Barchamiz ilm-fan yo‘lidan ketdik. Singillarim Dilorom, Gulnora, Svetlana, ukam Ilhom fan nomzodi bo‘ldi. Bugun Sharof Rashidovning besh farzandidan 9 nevarasi, 9 evarasi bor. Ular asosan tibbiyot, fizika, iqtisod, ekologiya, huquqshunoslik kabi yo‘nalishlarni tanladi. Oralarida fan nomzodlari ancha, bitta fan doktori bor.

Darvoqe, doktorlik dissertatsiyamni himoya qilgan kunim – 1983 yil oktabrining so‘nggi kunlarida Moskvadan Urganchga qo‘ng‘iroq qildim. Otam Xorazmda safarda ekan. Juda xursand bo‘ldi, biroq faqat «rahmat, qizim», deya oldi, xolos. Ertasi kuni otamdan ajralib qoldik.

– Yozuvchi Sharof Rashidovning ijodiy laboratoriyasi borasida qanday xotiralaringiz bor?

– Otam yozuvchi sifatida ham barakali ijod qildi. Asosan tong payti va mehnat ta'tilida yozardi. Sabot bilan ishlardi. Qayta-qayta tahrir qilardi. Ularda samimiylik, insonga mehr, muhabbat va sadoqat mujassam.

Ayniqsa, «Kashmir qo‘shig‘i» – Sharof Rashidovning qalb daftari. Bir qadar hazin, umidbaxsh va dilbar bu qo‘shiq hali ham tillardan tushgani yo‘q, dillarga o‘rnashgan. Bu asar haqida atoqli adabiyotshunos G‘aybulla as-Salom puxta tadqiqotlar qilgan. O‘ylaymanki, bu asar hali yana chuqur o‘rganiladi.

Otam o‘zi ijodkor bo‘lgani uchun yozuvchilarni qadrlardi, yosh ijodkorlarni himoya qilardi, qo‘llab-quvvatlardi. Mumtoz adabiyotni yaxshi bilardi. Ayniqsa, Mirzo Bedilni ko‘p o‘qirdi. Uning «Komde va Mudan» dostoni asosida «Ikki dil dostoni»ni yozgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, adibning “Saylanma” kitobi, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” nomli xotira kitobi nashrga tayyorlanmoqda, hujjatli film yaratish, ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan, xotira tadbirlari tashkil etilmoqda. Bularning barchasi bir umr xalqimiz, Vatanimiz uchun xizmat qilgan otamning mehnatlarini el-yurtimiz munosib qadrlayotganining isbotidir.

Nazarimda, otamdan katta bir uy meros qoldi. Unda asl o‘zbekona fazilatlar – fidoyilik, kamtarlik, halollik, pokizalik, shirinsuxanlik kamol topadi. Xalqimiz omon ekan, bu uyning chirog‘i hech qachon o‘chmaydi. Zero, el-yurtimiz xalq uchun o‘z hayotini, butun borlig‘ini baxshida qilgan farzandlarini hamisha boshiga ko‘taradi.

O‘zA muxbiri Umid Yoqubov suhbatlashdi.

Top