08:49 / 25.04.2017
7283

Jahon banki vakillari Mehnat vazirligiga kelishdi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida Jahon bankining ijtimoiy taraqqiyot bo‘yicha katta mutaxassislari Robert Vrobel va Sanjay Agarval bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Mehnat vazirligi vakillari mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasining XMT va Jahon banki bilan mehnat sohasida milliy va xalqaro standartlarga rioya etish, ayniqsa qishloq xo‘jaligida qulay va xavfsiz ish sharoitlarini yaratish, shuningdek bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllariga yo‘l qo‘ymaslik masalalaridagi konstruktiv hamkorligi bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar bilan batafsil tanishtirishdi.

Alohida ta'kidlab o‘tilishicha, XMT va Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilgan va samarali qayta aloqa mexanizmi aholining mamlakatda qonun bilan o‘rnatilgan mehnat huquqlari va kafolatlarini ta'minlash bo‘yicha qabul qilinayotgan choralar haqida xabardorligini oshirmoqda. O‘zbekistonda XMTning ratifikatsiya qilingan konvensiyalari me'yorlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilingan, buning uchun ularning realizatsiyasini ta'minlovchi yangi qonun va normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi va qabul qilindi.

O‘z navbatida, janob R.Vrobel, mamlakatda mehnat sohasida katta o‘zgarishlar ro‘y berayotgani, davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida konstruktiv ijtimoiy muloqot tashkil etilgani, hamda Jahon banki O‘zbekiston bilan yanada samarali hamkorlik tarafdori bo‘lib qolishini ta'kidlab o‘tdi.

Top