12:33 / 26.04.2017
8565

Abdulaziz Komilov Mavlud Chovusho‘g‘li bilan uchrashdi

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati

26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar 8-raundi doirasida tashqi siyosat idoralari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnikaviy, sayyohlik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlar holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek yetakchi xalqaro tashkilot va institutlar, birinchi navbatda BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doiralaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarning o‘xshash va muvofiqligini tasdiqladi.

Tomonlar, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni ham muhokama qilishgan.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, vazirlar Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2017—2018 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini imzoladi.

Tadbirlarda Turkiya elchisi Ahmet Bashar Sheyen ishtirok etdi.

Top