18:04 / 26.04.2017
10342

Sayyor qabul: Bektemir tumani aholisining murojaatlari asosli ekanligi aytildi

25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi a'zolari Toshkent  shahri Bektemir tumani aholisi bilan ochiq muloqot tarzida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda vazirliklar, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari hamda boshqa tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, Bektemir tumanida istiqomat qiluvchi aholidan bugungi kungacha jami 3 077 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 1 212 tasi Bektemir tuman hokimligi vakolati bilan bog‘liq.

Tumandan kelgan murojaatlar sohalar bo‘yicha o‘rganilganda murojaatlarning asosiy qismi quyidagi masalalar bo‘yicha ekanligi aniqlandi:

- Uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, joylarda uy-joylarning ta'mirga muhtojligi bo‘yicha 677 ta (22,0 foiz);

- Fuqarolikni qabul qilish va fuqarolikdan chiqish, pasport olish va propiskaga o‘tish masalalari bo‘yicha 272 ta (8,8 foiz);

- Moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalari bo‘yicha 220 ta (7,1 foiz);

- Bank-moliya va soliqqa tortish masalalari bo‘yicha 175 ta (5,7 foiz);

- Sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi bo‘yicha 154 ta (5,0 foiz);

- Obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi masalalari, shu jumladan, yo‘llarni ta'mirlash masalalari bo‘yicha 151 ta (4,9 foiz) va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oiddir.

Bektemir tuman hokimligiga tegishli bo‘lgan murojaatlarning 1 023 tasi (84,4 foiz) ko‘rib chiqilgan bo‘lib, hozirda 189 ta (15,6 foiz) murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 806 tasi muddati buzilgan holda javob xati berilgan.

Tuman hokimligida murojaatlar bilan ishlash tizimini to‘g‘ri tashkil etmaslik, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlarni jalb etmaslik hamda tahlil ishlarini yo‘lga qo‘yilmaslik oqibatida joriy yilda jami 57 ta muddati o‘tgan murojaat yuzaga kelgan.

Mazkur sayyor qabul davomida 90dan ziyod murojaat ko‘rib chiqildi va ularning aksariyati asosli deb topilib, ijobiy hal etilish uchun nazoratga olindi. Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha shahar va tuman darajasidagi mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Top