10:48 / 27.04.2017
6259

Chevrolet elektrokarlari 5 oyda 7 mln kmni ortda qoldirdi

Foto: motor.es

Aprel oyi boshigacha bo‘lgan holatga ko‘ra, Chevrolet Bolt elektromobillari umumiy hisobda 4 570 300 Amerika mili yoki 7 355 185 kilometr masofani bosib o‘tishdi. Model Amerika avtomobil bozorida 2016 yil dekabrida paydo bo‘lgan edi. Shundan beri qariyb 3,5 ming kishi ushbu mashinani xarid qilgan. 

Ayni vaqtda «Bolt»ni mamlakatning Kaliforniya, Merilend, Nyu-Jyersi, Massachusets, Nyu-York, Oregon, Virjiniya va Vashington shtatlarida xarid qilish mumkin. Avtomobil shu yil yoz oylariga kelib AQShning butun hududida paydo bo‘ladi. Chevrolet kompaniyasiga ko‘ra, hozirda, Bolt egalari kuniga o‘rtacha 85 km yo‘l bosishadi. Shu bilan jami o‘rtacha 662,5 ming litr yoqilg‘i tejalgan. 

Chevrolet Bolt 200 kuchli elektrmotor va 60kVt/soatlik litiy batareyalar bilan jihozlanadi. Mashina 100km/s tezlikka 7 soniyada erishadi. Bir marta quvvatlangach 320 km masofani ortda qoldira oladi. «Bolt» AQShda 2016 yilning eng yaxshi mashinasi deb topilgan edi. 

Model narxi 36,6 ming dollardan boshlanadi, biroq kompaniya har bir sotilgan mashinadan 9 ming dollar yo‘qotadi. 

Top