13:31 / 27.04.2017
5079

NATO bosh kotibi: Turkiya davlat to‘ntarishiga urinishda gumonlanganlarni ta'qib etish huquqiga ega

Foto: AFP

Davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha gumonlanuvchilarni ta'qib etish Turkiya hukumati huquqidir, biroq u qonun doirasida amalga oshishi kerak. Bu haqda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg payshanba kuni ma'lum qildi.

"Turkiya o‘zini himoya qilish va muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishiga urinish ortida turganlarni qonun doirasida ta'qib etish huquqiga ega", - deya aytib o‘tgan u Yevropa ittifoqining 28 a'zo davlati mudofaa vazirlarining Vallettadagi norasmiy uchrashuvida.

Shu bilan birga, NATO bosh kotibining ta'kidlashicha, turk hukumati tomonidan o‘tkazilayotgan surishtiruv qonun doirasida bo‘lishi lozim.

Turkiya hukumati muxolifat vakili Fathulloh Gulen bilan aloqadorlik bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv jarayonida yana 9,1 ming politsiya xodimini xizmatdan chetlatdi. Anqara Gulenni davlat to‘ntarishiga urinishga aloqadorlikda ayblamoqda, deya xabar berdi kuni kecha CNN Turk telekanali.

Kecha esa mamlakatning 72 viloyatida o‘tkazilgan keng ko‘lamli amaliyot vaqtida Gulenning mingga yaqin tarafdorlari qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Amaliyotda hammasi bo‘lib 8,5 ming politsiyachi ishtirok etgan. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng taxminan 32 ming kishi hibsga olindi, 100 mingga yaqin davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatildi yoki undan chetlatildi.

Mavzuga oid
Top