10:24 / 28.04.2017
5182

Toshkentda o‘zbek-koreys biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi departamenti bosh direktori Kang Myong Su boshchiligidagi Janubiy koreyalik ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida biznes forum va kooperatsion birja o‘tkazildi. Bu forum amaliy hamkorlikni rivojlantirishga hamda qo‘shma korxonalar yaratish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi. Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar bermoqda.

Amaliy uchrashuv davomida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad Janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchilar va o‘zbekistonlik hamkorlar bilan savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston hududida avtomobillar uchun butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sohasida yangi qo‘shma korxonalarni yaratish masalalarini ishlab chiqishdan iborat.  

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi 1,048 mlrd dollarni, jumladan, eksport 184,1 mln dollarni, import 864,5 mln dollarni tashkil qildi. 

Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 7 mlrd dollardan oshib ketdi. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni 461 tani, 100 foiz koreys sarmoyasi bilan ishlayotganlari esa 75 tani tashkil qiladi. Bu korxonalar savdo, neft-gaz, neft-kimyo va kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika va to‘qimachilik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm va boshqa sohalarda faoliyat olib boradi.  

Biznes-forumda O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsion salohiyati, neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, yengil sanoat, farmatsevtika kabi sohalardagi imkoniyatlari xususida so‘z yuritildi. Janubiy Koreya ishbilarmonlari mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari, erkin iqtisodiy zonalardagi katta qulaylik va imtiyozlar bilan tanishtirildi.

Ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma korxonalarni tashkil etishga oid masalalar muhokama etildi.

Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid
Top